You are here
OAV vakillari uchun “Aholining sug'urta madaniyatini oshirishda jurnalistlarning roli”ga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi
2017-yilning 28-sentabr kuni jurnalislarning sug'urta sohasiga oid bilimlarini oshirish orqali OAV yordamida aholining sug'urta madaniyatini oshirishga ko'maklashish maqsadida “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi va O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida “Aholining sug'urta madaniyatini oshirishda jurnalistlarning o'rni” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda OAV vakillari, O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “O'zbekinvest” EIMSK mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda sug'urta faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar sug'urta bozorini jadal rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratmoqa, uning xalqaro talablarga javob bera oladigan va raqobatbardosh sohaga aylanishini ta'minlamoqda.
Oxirgi yillarda qator qonun hujjatlarining qabul qilinishi sug'urta xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlik sub'ektlari va aholiga kafolatlangan sug'urta himoyasini taqdim etish va sug'urta xizmatlariga nisbatan ishonchning mustahkamlanish imkonini bermoqda.
Olib borilayotgan sohaga oid islohotlar natijasida bugungi kunda O'zbekistonda sug'urta xizmatlarining keng spektri, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, fuqarolar sog'lig'i, ularning mol-mulki sug'urtasi, ish beruvchi, transport vositalari egalari, tashuvchilarning fuqarolik javobgarligi sug'urtasi bo'yicha xizmatlar taqdim etuvchi sug'urtalovchilarning keng tarmog'i faoliyat yuritmoqda.
Sug'urta bozor iqtisodiyoti sharoitida aholi va tadbirkorlar, yirik korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya etuvchi eng samarali vosita hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy o'zgartirish va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, bandlikni ta'minlash, odamlarimizning daromadi hamda hayot sifatini oshirishning muhim omillaridan biri tariqasida xizmat ko'rsatish va servis sohasining etakchi tarmoqlaridan bo'lgan sug'urta tizimini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Natijada bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 30 ga yaqin sug'urta kompaniyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 100 dan ortiq xizmatlar ko'rsatilmoqda.
Sug'urta sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, uning insonlar hayoti, sog'lig'i va mol-mulkini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi o'rni va ahamiyati to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor qilish hamda aholining sug'urta madaniyatini oshirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi va O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida jurnalistlar uchun tashkil etilgan amaliy seminarda sug'urtaning asoslari, uning afzalliklari, sug'urta shartnomasi tuzilishidan to sug'urta qoplamasi to'lovigacha bo'lgan sug'urta mexanizmi, sug'urta sohasini OAVda yoritishning o'ziga xos xususiyatlari kabi masalalar haqida mutaxassislar tomonidan atroflicha ma'lumot berildi.
Xususan, “O'zbekinvest” kompaniyasi jurnalistlar bilan aloqalarni kengaytirish bo'yicha ishlarni doimiy takomillashtirib kelmoqda. Masalan, mamlakatimizda aholining sug'urta madaniyatini oshirish, sug'urta himoyasining afzalliklari, “O'zbekinvest” kompaniyasi faoliyati va ko'rsatilayotgan xizmatlar to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor etishda jurnalistlar rolini oshirish maqsadida “Sug'urta faoliyati — jurnalistlar nigohida» tanlovi joriy etildi va uning g'olib va sovrindorlari taqdirlanib kelmoqda. Ushbu tanlov sug'urta himoyasining afzalliklarini keng jamoatchilikka etkazishda muhim rolь o'ynamoqda.
Seminar yakunida aholining sug'urta madaniyatini oshirishda “O'zbekinvest” kompaniyasi va ommaviy axborot vositalari o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi va jurnalistlarni qiziqtirgan boshqa savollarga Kompaniya mutaxassislari javob berishdi.
“O'zbekinvest” EIMSK Axborot xizmati