You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari uchun xizmatlar ko'lamini kengaytirmoqda

2016 yilning 5 iyul kuni O'zbekiston milliy matbuot markazida O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga ko'rsatilayotgan xizmatlar hamda ishlab chiqilgan yangi sug'urta mahsulotlari mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sug'urta xizmatlari moliya bozorining muhim qismiga aylanmoqda. Davlatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan bozor iqtisodiyotining bosqichma-bosqich rivojlanish jarayoni sug'urta biznesini yuritishda xalqaro amaliyotga javob beruvchi sug'urta xizmatlarining keng ko'lamini taqdim etayotgan sug'urta tizimi asoslari shakllanishini ta'minladi.

Respublika sug'urta bozorining rivojlanishi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun qo'shimcha asoslar yaratdi. Olib borilayotgan sohaga oid islohotlar natijasida bugungi kunda O'zbekistonda sug'urta xizmatlarining keng spektri, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, fuqarolar sog'lig'i, ularning mol-mulki sug'urtasi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligi, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi sug'urtasi bo'yicha xizmatlar taqdim etuvchi sug'urtalovchilarning keng tarmog'i faoliyat yuritmoqda.

Sug'urta sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar pirovardida 1994 yilda tashkil etilgan, O'zbekiston sug'urta bozorida eng yuqori Ustav jamg'armasiga ega (60 mln. AQSh dollari ekvivalentida) «O'zbekinvest» kompaniyasi o'tgan davrdagi xalqaro sug'urta bozoridagi faol ishtiroki, hududiy tarmoqlarni tashkil etish, xizmatlar sifatini oshirish, anderrayting siyosatini puxta olib borish va kadrlar tayyorlashga katta e'tibor berilishi borasidagi sa'y-harakatlari natijasida xalqaro va milliy sug'urta bozorida o'zining munosib o'rnini egallab kelmoqda. Kompaniyaning moliyaviy ishonchliligi sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urta qoplamalarini o'z vaqtida to'lash kafolati va o'z mijozlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlashni samarali amalga oshirish imkonini beradi.

«O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta bo'linmalarini ochish va respublika hududlarida faoliyat geografiyasini kengaytirish borasida doimiy ish olib bormoqda. Ayni paytda Kompaniya 14 ta hududiy filiallar va 145 ta bo'linmalari orqali butun respublika bo'ylab o'z xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Shuningdek, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Tibbiy sug'urta», «Mol-mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotini internet orqali sotib olish imkoniyati yaratilgan.

Kompaniya yaqinda “Moody’s Investors Service Ltd.” xalqaro reyting agentligining O'zbekiston moliya bozoridagi eng yuqori xalqaro reytingiga ega bo'ldi. Reyting agentligi «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining xalqaro moliyaviy barqarorlik reytingini «barqaror» prognozi bilan B1 dan Ba3 ga ko'tardi.

Bunda sug'urta mukofotlarini yig'ish, o'z faoliyatini diversifikasiyalash bo'yicha barqaror o'sish ko'rsatkichlari, shuningdek, sug'urta portfeli kapitalizasiyasining yuqori darajasi, kompaniya ulushida davlatning ishtiroki kabi omillar hisobga olingan. Bunday nufuzli xalqaro reytingning qo'lga kiritilishi kompaniyaning ochiqligi va qayta sug'urtalash bo'yicha xalqaro bozordagi faoliyatini kengaytirishga intilishining yorqin isbotidir.

Shuningdek, Kompaniya joriy yilda ISO 9001:2015 standarti yangi versiyasiga muvofiq sifat menejmenti tizimi bo'yicha Shveysariyaning SGS kompaniyasi tomonidan audit tekshiruvidan muvaffaqiyatli o'tkazildi hamda «Uzstandart» agentligi va SGS kompaniyasining ushbu yo'nalishdagi muvofiqlik sertifikatiga ega bo'lgan mamlakatimizdagi birinchi tashkilotga aylandi.

Matbuot anjumanida ta'kidlandiki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanitirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada sug'urta himoyasi alohida muhim ahamiyatga ega. Kompaniya tomonidan tadbirkorlar uchun «Tadbirkorlar qaltisliklarini kompleks sug'urtalash», «Hunarmandlar mol-mulki sug'urtasi», «Yakka tadbirkor qaltisliklarini kompleks sug'urtalash», «Tadbirkor», «Garovga qo'yilayotgan mol-mulk sug'urtasi», «Baholovchilarning kasbiy javobgarligi sug'urtasi», «Tovar ishlab chiqaruvchilarning fuqarolik javobgarligi», «Mol-mulk va foydanining yo'qotilishidan sug'urtalash», «Davolovchi muassasalar xodimlarining kasbiy javobgarligi sug'urtasi», «Dorixona muassasalari javobgarligi sug'urtasi», «Mehmonxona biznesini kompleks sug'urtalash», «Yuk sug'urtasi» kabi sug'urta mahsulotlari taklif etilib kelinmoqda. «O'zbekinvest» kompaniyasi bu boradagi faoliyatini yanada takomillashtirib, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ijrosini tezkor ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish borasida doimiy ish olib bormoqda.

Xususan, yangi tahrirda qabul qilingan «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq hamda respublikamizda dori vositalarini ishlab chiquvchi korxonalar sonining oshib borayotganini inobatga olib, aholini sifatli, xavfsiz dori vositalari, dori-darmonlar bilan ta'minlash bo'yicha faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash uchun xizmat qiluvchi «Farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqotini o'tkazishda bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar etkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sug'urtalash» sug'urta mahsuloti ishlab chiqildi.

Ushbu sug'urta bo'yicha farmokologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqotini o'tkazish davrida ko'ngilli-bemorning hayoti yoki sog'lig'iga zarar etganda Sug'urtalangan shaxsning fuqarolik javobgarligi yuzaga kelganda sug'urta kompaniyasi tomonidan sug'urta qoplamasi to'lab beriladi.

Mazkur sug'urta mahsulotining yana bir ahamiyatli tomoni sug'urta shartnomasi amalda bo'lgan davrda o'tkazilgan klinik tadqiqotlar tugaganidan so'ng bir yil davomida pasientning hayotiga, sog'lig'iga zarar etganda ham sug'urta qoplamalari to'lab beriladi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasining «Bojxona Kodeksi»da bojxona brokerlari faoliyatini tashkil etish uchun bojxona to'lovlarini ta'minlash yo'llari belgilanib, ushbu yo'llardan biri sifatida bojxona brokerlarining bojxona to'lovlarini to'lash majburiyati bo'yicha sug'urtalash mumkinligi ko'rsatilgan.

«O'zbekinvest» kompaniyasi bojxona brokerlarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirish hamda faoliyatlarini tashkil etish maqsadida ishlab chiqqan «Bojxona brokerlarining bojxona to'lovlarini ta'minlash bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash» sug'urta mahsuloti ham ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning barqaror ish yuritishiga xizmat qiladi.

Ushbu sug'urta bo'yicha sug'urtalanuvchining bojxona to'lovlari va foizlarini to'lash qobiliyatining yo'qolishi natijasida naf oluvchi (bojxona qo'mitasi) oldida fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishida Kompaniya sug'urta himoyasini taqdim etadi. Bunda sug'urtalanuvchi bojxona to'lovlarini va foizlarini to'lash bo'yicha bojxona idoralari tomonidan qo'yilgan talabnoma asosida o'z majburiyatini bajara olmagan taqdirda Kompaniya qonunchilikda belgilangan tartibda Naf oluvchiga (bojxona qo'mitasiga) bojxona to'lovlarini va foizlarini to'lab beradi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, 2016 yil iqtisodiy dasturining muhim ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Kompaniyada tizimli ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida respublikaning 2016 yildagi Investisiya dasturiga kiritilgan 46 ta loyihaga umumiy qiymati 15 trln. so'm sug'urta himoyasi taqdim etildi.

Shuningdek, «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlariga keng ko'lamdagi sug'urta xizmatlari taqdim etilib kelinmoqda. Agar raqamlarga murojaat qilinsa, joriy yilning 1-yarim yilligida Kompaniya tomonidan jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari 34,4 mlrd. so'mni (o'sish ko'rsatkichi 130 foiz), olingan sug'urta majburiyatlari 23,4 trln. so'mni (o'sish ko'rsatkichi 135,2 foiz) tashkil etib, 7,1 mlrd. so'm (o'sish ko'rsatkichi 122.8 foiz) sug'urta qompalamlari to'lab berilgan. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar bilan jami 82 mingdan ortiq sug'urta shartnomlari imzolanib, o'sish ko'rsatkichi 128,3 foizni tashkil etmoqda.

Shundan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari bilan 3923 ta sug'urta shartnomalari tuzilgan bo'lib, o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda o'sish ko'rsatkichi 168 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, ularning shaxsiy va mulkiy manfaatlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlash borasida tuzilgan sug'urta shartnomalari bo'yicha joriy yilning o'tgan 6 oyi davomida olingan sug'urta majburiyatlari hajmi 664,0 mlrd. so'mni, yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 1,6 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Barcha ma'ruzalardan so'ng kompaniya va OAV vakillari o'rtasida fikr almashildi. Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning majburiy va ixtiyoriy sug'urta turlari hamda Davlat dasturlari va Hukumatning iqtisodiy dasturi muhim ustuvor yo'nalishlari doirasida Kompaniya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida va boshqa savollariga javob berishdi.

Matbuot anjumani yakunida «O'zbekinvest» kompaniyasi aholi va tadbirkorlarning sug'urta madaniyati darajasini oshirish va kompaniya faoliyati ochiqligini ta'minlashda bunday matbuot anjumanlarining o'tkazilishi katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlandi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati