You are here

Sug'urtalash va qayta sug'urtalash bo'yicha IX Toshkent xalqaro forumi bo'lib o'tdi

2016 yilning 1-4 iyun kunlari Sug'urtalash va qayta sug'urtalash bo'yicha IX Toshkent xalqaro forumi bo'lib o'tdi.

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi bosh homiyligida “Saipro” axborot-reyting agentligi tomonidan O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari, Bosh Arab sug'urta federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu forumda vazirlik va idoralar, sug'urta, lizing, auditorlik va investitsiya kompaniyalari, reyting agentliklari, xalqaro moliya institutlari vakillari qatnashdi.

Bir necha yildan beri an'anaviy o'tkazilib kelinayotgan mazkur nufuzli tadbir sug'urtalovchilar va sug'urta bozorining boshqa qatnashchilari o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikni o'rnatish va mustahkamalash, foydali xorijiy tajribani o'rganish va o'zlashtirishga ko'maklashib kelmoqda.

Sug'urta sohasida katta tajribaga ega xorijiy va milliy mutaxassislarning ma'ruza va taqdimotlari mamlakatimizdagi sug'urta kompaniyalar faoliyati, ular tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarni yanada rivojlantirish hamda sug'urta sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. Forumda «O'zbekinvest» kompaniyasining hududiy filiallaridan vakillarning ishtirok etayotgani tadbirda ko'tarilgan masalalarning joylarda ham tatbiq etish va kelgusida hududlarda sug'urta xizmatlarini rivojlantirishga yordam beradi.

Forum seksiyalarida milliy va xalqaro sug'urta bozorlarida mavjud zamonaviy tendensiyalar va ularning rivojlanish istiqbollari, sug'urtalashning xalqaro turlari va milliy bozorning rivojlanishida qayta sug'urtalash munosabatlari ko'rib chiqildi. Shuningdek, xalqaro ishtirokchilar O'zbekiston sug'urtalash sohasining salohiyati va investitsion imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Forum yakunida sug'urta sohasidagi «Oltin soyabon» jamoatchilik mukofoti laureatlarini taqdirlash marosimi o'tkazildi. «O'zbekinvest» kompaniyasining qaltisliklarni boshqarish va qayta sug'urtalash departamenti bosh menejeri Alisher Asatullayev «Yilning sug'urta sohasidagi eng yaxshi mutaxassisi» sovrindori bo'ldi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati