You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi homiyligida «Alternativ reklama vositalari» mavzusida seminar tashkil etildi

2016 yilning 28 may kuni Poytaxtimizdagi «Le Grande Plaza» mehmonxonasida «Alternativ reklama vositalari» mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlik sub'ektlari, kichik biznes vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda tadbirkorlikning rivojlanishida reklama va reklama bozorining roli va ahamiyati haqida ma'lumot berildi. Xususan, bugungi kunda reklama bilvosita yoki bevosita foyda olish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar yoki mahsulotlar to'g'risida turli shakl va vositalar orqali tezkor axborot tarqatishning eng an'anaviy va manfaatli omillaridan biriga aylandi.

Sohani yanada rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlar natijasida yuridik va jismoniy shaxslar yoki mahsulotlar to'g'risidagi axborot oqimini to'g'ri yo'naltirish, reklama vositalari yordamida tovarlar va xizmatlar haqida iste'molchilarga ma'lumot etkazish ham rivojlanmoqda. Bu boradagi ilg'or g'oya va amaliyotlarni o'rganish hamda joriy qilish tadbirkorlarga yordam berishi tabiiy.

Seminarda ishtirokchilarga zamonaviy reklamaning o'ziga xosliklari, uning yanada ta'sirchanligini ta'minlashning usullari hamda psixologik tomonlari haqida turli misollar orqali ma'lumot berildi.

«Business HUB» kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi homiy sifatida ishtirok etdi va Kompaniya vakili tomonidan «Sug'urta qaltisliklarni boshqarish mexanizmi sifatida» mavzusida taqdimot o'tkazildi.

Ta'kidlash kerakki, ushbu tadbir tadbirkorlik sub'ektlar va barcha ishtirokchilarga kelajakda o'z faoliyatida reklamadan unumli foylanib iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini beradi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati