You are here

Xotira – abadiy, qadrlash – muqaddas

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida 9 may «Xotira va qadrlash kuni» bayrami munosabati bilan «Siz doim qalbimizdasiz!» mavzusida bayram tadbiri o'tkazildi.

Unda Toshkent moliya institutining o'qituvchilari «O'zbekinvest» kompaniyasi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning ahamiyati, Vatanimiz farzandlarining ko'rsatgan jasorati va bugungi kunda faxriylarga ko'rsatilayotgan hurmat va e'tibor haqida so'z bordi.

Darhaqiqat, fashizmga qarshi urushda mardona jang qilgan, og'ir mashaqqat va musibatlarni boshdan kechirgan qahramonlar va xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan erkinlik uchun o'z jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha yodimizdadir.

Ma'lumotlarga ko'ra, Ikkinchi jahon urushi davrida O'zbekistonda 6,5 million xalq yashagan bo'lsa, shuning 1,5 milliondan ko'prog'i urushda qatnashgan, qariyb yarim million yurtdoshlarimiz halok bo'lgan. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan 1 millionga yaqin oila va bolalar O'zbekistonga ko'chirilgan.

Shuningdek, bayram munosabati bilan Kompaniya jamoasi tomonidan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi bir nechta urush va mehnat faxriylarini, kam ta'minlangan keksa yoshdagi kishilar hamda Kompaniyada uzoq yillar faoliyat yuritib, bugungi kunda pensiya yoshidagi sobiq xodimlar moddiy qo'llab-quvvatlanib, ularga sovg'alar topshirildi.

Muxtasar aytganda, faxriylarimizning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berayotgan davlatimiz tomonidan ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, bugun ular tufayli mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, hayotimiz farovon. Jang maydonlarida jon bergan, urushdan qaytmaganlarni eslash, bugun oramizda sog'-salomat hayot kechirayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga g'amxo'rlik ko'rsatish bizning muqaddas burchimizdir.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati