You are here

«O'zbekinvest» sug'urta kompaniyasi «Dori va farmokologik vositalarni klinik tadqiqot o'tkazishda bemorning hayoti, sog'lig'iga yetkazilgan zarar bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash» yangi sug'urta mahsulotini ishlab chiqdi

Yangi tahrirda qabul qilingan «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni 2016 yilning 5 yanvaridan kuchga kirdi.

Ushbu Qonun dori vositalari aylanishi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, aholini sifatli, xavfsiz dori vositalari va dori-darmonlar bilan ta'minlashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Dori vositalarini ishlab chiqish sanoatida «nojo'ya reaksiya»ning mavjudligi ushbu sohada turli qaltisliklar duch kelishi tabiiy.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, dunyoda dori vositalarining nojo'ya reaksiyalari oqibatida sodir bo'lgan noxush voqealar o'lim holatlari orasida 4-o'rinni egallaydi.

Qonunning 10-moddasiga muvofiq dori va farmakologik vositalarni klinik tadqiqot o'tkazishdan oldin tadqiqotni o'tkazayotgan davolash-profilaktika muassasasi tadqiq etilayotgan dori va farmakologik vositasini taqdim etgan yuridik shaxs bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sug'urta qilishi belgilangan.

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi dori va farmakologik vositalarni klinik tadqiqotdan o'tkazishda davolash-profilaktika muassasasi va boshqa yuridik shaxslar (Sug'urtalanuvchi) bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sug'urta qilish uchun «Dori va farmokologik vositalarni klinik tadqiqot o'tkazishda bemorning hayoti, sog'lig'iga yetkazilgan zarar bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash» sug'urta mahsulotini ishlab chiqdi.

Sug'urta shartnomasi dori va farmakologik vositalarni klinik tadqiqotdan o'tkazishda ishtirok etuvchi ko'ngilli-bemor foydasiga va bir yilga tuziladi.

Ushbu shartnomaga muvofiq bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganda bemorning o'ziga yoki uning meroxo'riga Kompaniya tomonidan sug'urta qopalamasi to'lanadi yoki dori va farmokologik vositalarining salbiy ta'siri oqibatida sug'urta hodisasi sodir bo'lganda sug'urta qoplamasi Sug'urtalanuvchining bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganda fuqarolik javobgarligi yuzaga kelganda Kompaniya tomonidan sug'urta shartnomasida belgilangan sug'urta summasi doirasida to'lanadi.

Shuni ta'kidlash zarurki, yuqorida ko'rsatilgan Qonun talablariga muvofiq etika ekspertizasining etika jihatidan asoslanganligi to'g'risidagi xulosasisiz dori va farmakologik vositalarni klinik tadqiqotdan o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi. Bu masalalar Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan yangi sug'urta mahsuloti shartlarida inobatga olingan.

Kompaniya tomonidan yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish va mavjud sug'urta mahsulotlarini takomillashtirish ustida doimiy ish olib borilmoqda. Joriy yilning I choragida 2 ta yangi sug'urta mahsuloti ishlab chiqildi, mijozlar talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda namunaviy sug'urta shartnomalarining 17 tasiga o'zgartirishlar kiritildi va 47 ta shartnoma qayta ishlab chiqildi, ya'ni ushbu shartnomlarning ayrim shartlari soddalashtirildi.

 

«O’zbеkinvеst» EIMSK Axborot xizmati