You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasida "Sog'lom ona va bola yili" davlat dasturi muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi

2016 yilning 1 aprel kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida joriy yilning mamlakatimizda «Sog'lom ona va bola yili» deb e'lon qilinishi hamda qabul qilingan davlat dasturining maqsad va vazifalari muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda Kompaniya mutaxassislari, Toshkent davlat yuridik universiteti dosenti F. Muhiddinova ishtirok etdi.

Tadbirda ma'ruzachi tomonidan 2016 yil 9 fevralda O'zbekiston Prezidenti I. Karimov tomonidan «Sog'lom ona va bola yili» Davlat dasturi tasdiqlangani, ushbu hujjat mamlakatimizda onalik va bolalikni himoya qilish va har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining o'zviy davomi ekani ta'kidlandi.

Xususan, hujjatda «ona va bola sog'lom bo'lsa, oila baxtli, oila baxtli bo'lsa, jamiyat mustahkam bo'ladi» degan hayotbaxsh qadriyat va olijanob g'oyani jamiyatimizda teran anglash va qaror toptirish, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, jamiyatda onalarga alohida hurmat-ehtirom muhitini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash, oila institutini mustahkamlashda davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko'zda tutilgan.

Shuningdek, Davlat dasturida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar manfaatlarini ta'minlash, oila institutini mustahkamlashga yo'naltirilgan qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholi, birinchi navbatda, xotin-qizlar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy sharoitlar yaratish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, turmush qurayotgan yoshlarning nikohdan oldin to'liq tibbiy ko'rikdan o'tishini ta'minlash uchun tibbiyot xodimlari mas'uliyatini yanada kuchaytirish, jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, yoshlar, ayniqsa, qishloq joylarda qizlarni sport bilan muntazam shug'ullanishga jalb etish, sog'lom bolani shakllantirishda ta'lim tizimining rolini kuchaytirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, avvalo, qizlarni ish bilan ta'minlash kabilar muhim yo'nalishlar etib belgilangan.

Davra suhbatida ta'kidlandiki, Davlat dasturiga dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirishda joylardagi hokimliklar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari o'rtasida o'zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, bu ishlarga jamiyatda hurmat va obro' qozongan keksa avlod vakillarini keng jalb etish masalasi ham kiritilgan.

Muxtasar aytganda, «Sog'lom ona va bola yili» Davlat dasturini amalga oshirish uchun 7 trillion 483,3 milliard so'm va 194,4 million dollar yo'naltiriladi. Bu boradagi ishlar va yangi tashabbuslarni amalga oshirishni izchil davom ettirish, shubhasiz, mamlakatimizda shakllangan onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati