You are here

"O'zbekinvest" EIMSK yangi qonun mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida turli seminarlar tashkil etmoqda

2011 - 2015 yillarda respublika mikromoliyalash sohasini va nobank moliya sektorini yanada rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar asosida ishlab chiqilgan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolandi va huquqiy hujjat joriy yilning noyabr oyidan kuchga kiradi.

Ushbu Qonunning maqsadi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Mamlakatimizda nobank moliya sektorini yanada rivojlantirish yo'lidagi  islohotlar  jabhaga  doir  qonunchilikni  maromiga  yetkazishni taqozo etdi. Ayni  paytgacha  sohadagi  munosabatlar 1993 yilda qabul qilingan «Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo'l, ichki suv va avtomobil  transporti  yo'lovchilarining  majburiy  shaxsiy  davlat sug'urtasi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solib kelinardi. Lekin uning alohida normalari zamon talablariga javob bermaydi hamda tashuvchining xizmatlaridan foydalanish chog'ida yo'lovchiga yetkazilgan zarar qoplanishini to'liq ta'minlamaydi.

Binobarin, «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi Qonun «Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo'l, ichki suv va avtomobil transporti yo'lovchilarining majburiy shaxsiy davlat sug'urtasi to'g'risida»gi Qonunning o'rnini egallashi nazarda tutilgan. Ya'ni ushbu qonunchilik hujjati asosida yo'lovchilar manfaatlarini to'liq himoya qilish uchun sharoit yaratilib, yo'lovchilarni majburiy shaxsiy sug'urta qilish o'rniga dunyo tajribasida keng qo'llanilayotgan tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish mexanizmi amaliyotga joriy etiladi.

Umuman, mazkur Qonunning qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasi hududida barcha turdagi transport vositasida tashish chog'ida yo'lovchilarga yetkazilgan zarar qoplanishini kafolaydi.

Ushbu Qonunda tashuvchining o'z fuqarolik javobgarligini sug'urta qilish bo'yicha majburiyati bajarilishini nazorat qiluvchi subyektlar ko'rsatib o'tilgani ham muhim ahamiyatga ega. Ular O'zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O'zbekiston Respublikasi Temir yo'llarda yuk va yo'lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O'zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi kabi transport sohasidagi davlat organlaridir. Qolaversa, tashuvchining o'z fuqarolik javobgarligini sug'urta qilish bo'yicha majburiyati bajarilishini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq tegishli vakolatga ega bo'lgan boshqa davlat organlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi Qonunning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, huquqiy hujjat kuchga kirishi yangi ish o'rinlari yaratilishi, sug'urta bozori va transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga keng imkon yaratadi.

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida joriy yilning avgust oyida Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida majburiy sug'urta bilan shug'ullanish huquqiga ega kompaniyalar, yo'lovchi tashish bilan shug'ullanadigan korxonalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolar ishtirokida davra suhbatlari va seminar tashkil etilgan. Sentyabr oyida esa ushbu tadbirlar Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bo'lib o'tishi rejalashtirilmoqda.

 “UzReport” axborot agentligi