You are here

"O'zbekinvest" EIMSK tomonidan yil yakunigacha Respublika hududlarida yana 5 ta bo'linma o'z ishini boshlaydi

“O'zbekinvest” EIMSK aholiga sug'urta mahsulotlarini taqdim etishni faollashtirish, sug'urta madaniyatini oshirish maqsadida kompaniya tizimida 2012 yildan boshlab jismoniy shaxslarga sug'urta xizmatlarini ko'rsatish uchun Sug'urta markazi  tashkil etilgan. Ushbu markaz jismoniy shaxslarga ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari hajmini oshirish, sug'urta xizmatlarini bilvosita va agentlar orqali sotish tizimini yanada kengaytirish hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, oilaviy biznes uchun sug'urta xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha faoliyat yuritib kelmoqda.  

Hozirgi kunda “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan mahalliy sug'urta bozorida 100 dan ortiq sug'urta mahsulotlari taklif etilmoqda. Respublika aholisini kompleks sug'urta xizmatlari bilan to'liq qamrab olish maqsadida barcha viloyatlarda 14 ta hududiy filial va 129 ta sug'urta bo'linmalar o'z faoliyatini olib bormoqda. Kompaniyaning Yuridik va jismoniy shaxslardan tashkil topgan agentlari soni esa 1000 nafarga tengdir.

2014 yilning “Sog'lom bola yili” deb e'lon qilinishi munosabati bilan kompaniya tomonidan aholi uchun maqbul narxlarda “Sog'lom bola”, “Ona va bola” va “Mehribon ota-onalar” kabi yangi sug'urta mahsulotlari taqdim etilgan bo'lsa, joriy yilning “Keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilinishi munosabati bilan keksa yoshdagi kishilarni baxtsiz hodisalardan sug'urta qilish uchun “E'tibor” mahsuloti ishlab chiqildi.

Xozirda ushbu yangi sug'urta mahsulotlarini Kompaniyaning Sug'urta markazi orqali Toshkent shaxrida va hududiy filiallar orqali barcha viloyatlarda taqdim etilmoqda.

“O’zbekinvest” EIMSK Sug’urta markazi katta menedjer asistenti Otabek Jorayev “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Joriy yildan kompaniya tomonidan yangi 5 ta bo’linmalar ochildi, xususan Farg'ona viloyati filialida Quva va Beshariq bo’limlari, Buxoro viloyati filialida Olot bo'limi, Qoraqolpog'iston respublikasi filialida Shumanay bo’linmasi hamda Navoiy viloyati filiali Navoiy shaxar bo’limi ochildi. Yil yakunigacha Respublika hududlarida yana 5 bo’linmalar ochish rejalashtirilgan. Bulardan tashqari kompaniyamizda minga yaqin sug'urta agentlari mijozlarga  xizmat ko'rsatib kelmoqda. Joriy yildan yangi 55 agentlar bilan seminar o'tkazilib, agentlik kelishuvi tuzilgan hamda ularga agentlik sertifikati topshirilgan.

Markaz o'z oldiga jismoniy shaxslarni sug'urtalashda xizmatlar sifati va hajmini oshirish uchun fuqarolarni sug'urta agenti sifatida jalb etishni maqsad qilib qo'ygan. Sug'urta agentining daromad miqdori uning sug'urta mukofoti bo'yicha yig'gan mablag'ining 25 foizigacha tashkil etadi. Ushbu faoliyat bilan shug'ullanish istagida bo'lganlar Toshkent shahrida faoliyat ko'rsatish uchun Sug'urta markaziga  murojaat qilishlari mumkin. Buning uchun fuqarolar Toshkent shahrida doimiy yashash bo'yicha talabalar esa vaqtinchalik yashash bo'yicha ro'yxatda turgan bo'lishlari talab etiladi.

 

 

uzreport.uz