You are here

"O'zbekinvest Hayot" SK o'quvchilarning amaliyot mashg'ulotlarini tashkillashtirib kelmoqda

Yurtimizda yosh avlodning ta'lim olishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Hozir amalda bo'lgan o'rta-maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimi kollej bitiruvchilariga mustaqil mehnat faoliyatini boshlash uchun zarur bo'lgan kasbga egalik qilishni ta'minlaydi.   Kasb-hunar kollejlari o'quvchilarini kasbga amaliy tayyorlash jarayoniga mulkchilik shakli va faoliyat yo'nalishi turli xil bo'lgan ko'plab korxona va tashkilotlar ham biriktirilgan. Shaxsiy sug'urta sektorida yetakchi hisoblangan «O’zbekinvest Hayot» sug'urta kompaniyasi ham 2011 yildan buyon Toshkent iqtisodiyot kolleji o'quvchilarining amaliyot mashg'ulotlarini o'tishini ta'minlashda qatnashib kelmoqda.

Har yili fevraldan iyungacha «O’zbekinvest Hayot»ning Markaziy ofisi hamda poytaxtimiz va Toshkent viloyatida joylashgan filiallarida Toshkent iqtisodiyot kollejining ikkinchi va uchinchi kurs o'quvchilari amaliyot o'tashadi. Bu jarayonda ular qonunchilik bazasi asoslari, sug'urta ishi  va hujjatlarni yuritish kabi ko'plab vazifalarni o'rganishadi. Qayd etish lozimki, «O’zbekinvest Hayot» SKning faoliyati mobaynida 100 dan ziyod yoshlar amaliyot o'tagan, ular orasida Toshkent moliya institutining talabalari ham bor.

Fuqarolarning hayoti va xo'jalik sub'ektlarining faoliyatini sug'urtalash yildan yilga muhimlashib bormoqda. Bu esa ixtisoslashtirilgan o'quv muassasalari qoshida “Sug'urta ishi” bo'limlarini ochish vaqti kelganidan darak beradi.  Aholini sug'urta himoyasi bilan qamrab olish zaruriyati, shuningdek, ushbu bozorni rivojlantirishga yetarli saloxiyat  sug'urta xizmatlari ko'rsatish jarayoniga yangicha nigoh va yondoshuvlarni olib kirishga qadir bo'lgan yosh malakali mutaxassislarni tayyorlashni ham taqozo etadi.  Bugun o'quv muassasalari va sug'urta tashkilotlari olib borayotgan hamkorlikdagi ishlar kelgusida sug'urta bozorini  yanada rivojlanitirishga qaratilgan muhim qadamdir. 

UzReport” axborot agentligi