You are here

"O'zbekinvest" EIMSK da "Yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish hamda uslubiyot" departamenti tashkil etildi

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida “Yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish hamda uslubiyot” departamenti o’z faoliyatini boshladi.

Mamlakatimiz bozori talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, bu boradagi xalqaro amaliyotni o'rgangan holda yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish va ularni sotish bo'yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ushbu departamentning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan departament mavjud sug'urta mahsulotlarini takomillashtirish bo'yicha ham ish olib boradi.

Ta'kidlash kerak, bugungi kunda “O'zbekinvest” sug'urta kompaniyasida 110 dan ortiq sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan bo'lib, mamlakatimiz va jahon sug'urta bozorida mijozlarga taqdim etilib kelinmoqda. Departament tomonidan Kompaniyaning hududiy filiallari, sho'ba korxonalari va tarkibiy tuzilmalmalariga sug'urta faoliyatini amalga oshirishi uchun amaliy va uslubiy yordam ko'rsatiladi.

Hozirgi kunda mijozlarning sug'urta mahsulotlariga talabini o'rganish maqsadida Kompaniya mijozlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, qayta aloqanining turli uslublarini rivojlantirish bo'yicha Departament tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu mijozlar uchun qulay hamda manfaatli bo'lgan sug'urta mahsulotlarni ishlab chiqish, mavjudlariga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish imkoniyatini yaratadi.

Mamalakatimizda 2015 yilning “Keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilingani va bu bo'yicha Davlat dasturining qabul qilingani munosabati bilan Kompaniya tomonidan turli korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlarning ota-onalariga g'amxo'rlik qilishlari imkonini beruvchi sug'urta mahsuloti ishlab chiqilmoqda.

Kompaniya tomonidan taklif etilayotgan sug'urta mahsulotlari yordamida jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlar, o'quvchi va talabalar, farzandli ayollar, sportchilar, sayyohlar va boshqalarning mulkiy manfaatlarini sug'urta qilish mumkin.

Aholining barcha qatlamlari talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqoridagi sug'urta turlari yanada takomillashtiriladi va zamonaviylashtiriladi.

 

“O’zbеkinvеst” EIMSK Axborot xizmati