You are here

"O'zbekinvest" EIMSK tashkil etilganining 21 yilligiga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.

«O'zbekinvest» EIMSK tashkil etilganining 21 yilligi hamda «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlarga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi. Unda kompaniya rahbariyati, maxsuslashtirilgan sho'ba korxonalari, Toshkent shahridagi filiallar mutaxassislari, vazirlik va idoralar, kompaniya mijozlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtrok etishdi.

Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan o'tgan yillar davrida amalga oshirilgan ishlar va 2015 yildagi faoliyatining asosiy yo'nalishlari to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor etish iborat bo'ldi. Ta'kidlash joizki mamlakatimizda sug'urta sohasi jadal sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega qator taraqqiy etgan davlatlarda bo'lganidek, sug'urta sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim ahamiyat kasb etuvchi qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimiz hukumati tomonidan ijtimoiy siyosat bilan uyg'unlikda olib borilayotgan bozor iqtisodiyotining bosqichma-bosqich rivojlanish jarayoni sug'urta biznesini yuritishda xalqaro amaliyotga javob beruvchi sug'urta xizmatlarining keng ko'lamini taqdim etayotgan sug'urta tizimi asoslari shakllanishini ta'minladi. «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi 1994 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidantining Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining Qarori asosida tashkil etilgan. 1997 yilda esa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining Qarori asosida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi sifatida qayta tashkil etilgan. O'tgan 21 yillik davr mobaynida kompaniyaning xalqaro sug'urta bozorida faol ishtiroki, hududiy tarmoqlarni tashkil etilishi, ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirilib borilishi, anderrayting siyosatini puxta olib borish va kadrlar tayyorlashga katta e'tibor berilishi borasidagi sa'y-harakatlar natijasida kompaniya xalqaro va milliy sug'urta bozorida o'zining munosib o'rnini egalladi.

«O'zbekinvest» hududiy tarmoqlarni rivojlantirish orqali jahon amaliyotida qo'llaniladigan, 100 dan ortiq an'anaviy sug'urta xizmati turlarining barchasini taqdim etadi. Kompaniyaning 140 ta hududiy bo'linmalari Toshkent shahri, barcha viloyatlar va Qoraqalpog'iston Respublikasida faoliyat yuritmoqda. Ularning 14 tasi hududiy filiallar va 126 ta tuman sug'urta bo'limlaridir. Shuningdek, minga yaqin sug'urta agentlari tomonidan mijozlarga xizmat ko'rsatib kelinmoqda. Agar raqamlarga murojaat qilinsa, 10 yil ichida sug'urta mukofotlarni xajmi yillar davomida 9 milliard 426 millon so’mdan  60 mlrd 069 mln ga oshdi. Bir so'z bilan aytganda ko'rsatkichlarning ijobiy taraflama o'zgarishi kompaniyaning ish so'rati yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini sug'urtalash bo'yicha majburiyatlar dinamikasi esa 6 barobarga o'sgan.

2015 yilning I choragi yakunlari bo'yicha kompaniyaning asosiy ko'rsatkichlari quyidagilardan iborat bo'ldi: - olingan sug'urta majburiyatlari o'tgan yilning shu davriga nisbatan 149% ni, yig'ilgan sug'urta mukofotlari esa 132%ni tashkil etmoqda. Joriy yilning o'tgan davrida respublikaning 2015 yildagi Investitsiya dasturiga kiritilgan 32 ta loyihasiga umumiy qiymati 12,2 trln. so'm miqdorida sug'urta himoyasi taqdim etildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari shaxsiy va mulkiy manfaatlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlash bo'yicha joriy yilning I choragi yakunlariga ko'ra, olingan sug'urta majburiyatlari hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 115%ni, yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi esa 127%ni tashkil etdi.

Kompaniya xalqaro sug'urta bozorining bir qator kompaniyalari bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan AQSH ning Marsh, Buyuk Britaniyaning NDI Insurance Brokers, Shveytsariyaning Zurich va boshqa nufuzli kompaniyalar shular jumlasidandir. Shuningdek, matbuot anjumani jarayonida «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham e'tibor qaratildi. «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi tegishli bandlari ijrosini ta'minlash bo'yicha kompaniya tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo'lib, mazkur rejaga muvofiq, baxtsiz hodisalardan sug'urta qilish va tibbiy sug'urta bo'yicha shartnomalar tuzilayotganda keksa yoshdagi kishilar uchun chegirmalar taklif etilmoqda.

Barcha ma'ruzalardan so'ng kompaniya va OAV vakillari o'rtasida fikr almashildi. Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning  majburiy sug'urta  turlari, sug'urta davolarini tartibga solish jarayoni, xalqaro kompaniyalar va «O'zbekinvest» hamkorligi, xorijiy investitsiyalar sug'urtasi haqida va boshqa savollariga javob berishdi.

“UzReport” axborot agentligi