You are here

Iqtisodiyotning real sektorida AKTni joriy etish bo'yicha "O'zbekinvest" kompaniyasi 2 ta loyiha bilan kiritilgan

Iqtisodiyotning real sektorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni jadal rivojlantirish va keng joriy etish maqsadida, 2014 yilning 3 aprelida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iqtisodiyotning real sektorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralar to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko'ra, iqtisodiyotning real sektorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo'yicha ustuvor loyihalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar ro'yxatiga «O'zbekinvest» kompaniyasi 2 ta loyiha bilan kiritilgan.

Mazkur qarorga  asosan, «O'zbekinvest» kompaniyasida 2015-2020 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va keng joriy etish bo'yicha Dasturni ishlab chiqish vazifasi ham qo'yilgan. O'zbekiston Respubliksi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan kelishilib, Vazirlar mahkamasi Kompleksining rahbari tomonidan tasdiqlash uchun kiritildi.

 “O'zbekinvest” kompaniyasida 2015-2020 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va keng joriy etish bo'yicha Dasturda bir qator chora-tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, kompaniyaning «Sug'urta portfeli» dasturiy mahsulotini, unga qayta sug'urtalash operatsiyalari, sug'urta zaxiralarini hisoblash, buxgalteriya hisobi va boshqalar bo'yicha qo'shimcha modullarni kiritish, uning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini hisobga olgan holda, ishlab chiqilayotgan Kompleks integrallashgan axborot tizimiga kelgusida ulanishini ko'zda tutgan holda takomillashtirish rejalashtirilgan. Shuni qayd etishim joizki, qayta sug'urtalash operatsiyalari, sug'urta rezervlari, buxgalterlik hisoboti va boshqalar bo'yicha ishlab chiqilgan modullarni takomillashtirish imkonini yaratadi. Ushbu dasturga shuningdek, ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlarini, sug'urta shartnomalari va polis blanklarini shtrix-kodlashni qo'llagan holda hisobini yuritish bo'yicha kompleks axborot tizimini joriy etish ham kiradi. Ushbu tizim shtrix-kodlash yordamida sug'urta xizmatlarini, sug'urta shartnomalari va polis blanklarini hisobini yuritish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, sug'urta shartnomalari kompaniyaning Markaziy apparati bilan kelishilishini ta'minlovchi dasturni yaratishni ham nazarda tutadi”,  – deya qayd etdi  “O'zbekinvest” EIMSK axborot texnologiyalari Departamenti bosh menejeri Sherzod Alimov.

Ta'kidlash joizki, mazkur dastur o'zida kompaniya mijozlariga ularning sug'urta hodisalari bo'yicha murojaatlarining ko'rib chiqilish bosqichlari to'g'risidagi ma'lumotlarni olish imkoniyatini yaratuvchi dasturiy mahsulotni yaratishni ham mujassam etgan. Ushbu dastur yordamida mijozga uning sug'urta hodisasi bo'yicha murojaatining ko'rib chiqilish bosqichi to'g'risidagi ma'lumot olish, shuningdek kalkulyator yordamida yetgan zararning taxminiy hisob-kitobini chiqarish imkoniyati yaratiladi. “O'zbekinvest” kompaniyasida 2015-2020 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va keng joriy etish bo'yicha Dasturda shuningdek boshqa tadbirlar ham rejalashtirilgan.

“O'zbekinvest” EIMSK axborot texnologiyalari Departamenti bosh menejeri Sherzod Alimov jumladan shunday dedi: – CRM tizimini joriy etish – mijozlar bilan o'zaro munosabatlarni boshqarish, mijozlar, hamkorlar bo'yicha ma'lumotlarni tartibga solish va tizimlashtirish, ular bilan ishlash jarayonini standartlashtirish va bu bo'yicha hisobotlar shakllantirishni avtomatlashtiruvchi dasturini joriy etish ham shular jumlasidan. Mazkur dastur mijozlar va hamkorlar bo'yicha ma'lumotlarni tartibga solish va tizimlashtirish, mijozlar bilan ish jarayonlarini standartlashtirish va hisobotlarni avtomatlashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, dasturda transport vositalari egalarining fuqarolik javbogarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha, sug'urta polisining mavjudligini, transportni boshqarishga ruxsat etilgan shaxslar ro'yxati, polisning amal qilish muddati hamda transport vositasining davlat raqamiga muvofiqligini tekshirishga imkoniyat yaratuvchi mobil ilovani yaratishni nazarda tutgan.

Qayd etish joizki, sanab o'tilgan tadbirlardan tashqari, “O'zbekinvest” kompaniyasi xodimlarning hamda Kompaniya faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etuvchi mutaxassislarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishlaridagi mahalliy va xalqaro o'quv kurslarida malaka oshirishlari va ta'lim olishlariga ham alohida e'tibor qaratmoqda. Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi vaqt tejalishiga imkoniyat berib, mijozlar uchun  qulaylik yaratadi, kompaniya mijozlari sonini oshiradi, sug'urtalash jarayonini optimallashtirib, kompaniyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi darajasini oshishiga xizmat qiladi.