You are here

O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi navbatdagi yig'ilishini o'tkazdi

Joriy yilning 1 dekabr kuni O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi navbatdagi yig'ilishini o'tkazdi. Unda sug'urta agentlari faoliyatini tartibga solishni takomillashtirish, hamkorlikda ishlash orqali narxlar dempingiga qarshi kurashish hamda mamlakatimiz sug'urta bozorini yanada rivojlantirish kabi qator masalalar ko'rib chiqildi.

Tadbirda O'zbekiton sug'urta bozori professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi a'zolari hisoblangan, shuningdek uning tarkibiga kirish arafasida bo'lgan sug'urta kompaniyalarining vakillari ishtirok etishdi. Bundan tashqari, yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug'urta nazorati bo'yicha davlat inspeksiyasi rahbarining o'rnibosari O'tkirbek Abdullayev ham qatnashdi.

Yig'ilish muhokamasi markazida sug'urta bozorida mavjud qator masalalar va muammolar bo'ldi. Xususan, ishtirokchilar mamlakat sug'urta bozorining zamonaviy holatidan kelib chiqqan holda, o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilishi zarur bo'lgan Sug'urta agentlari to'g'risidagi nizomni takomillashtirish borasida fikr almashishdi.

Shu bilan birga, sug'urta xizmatlari narxlari dempingiga qarshi kurashish mexanizmlarini ishlab chiqish masalasi ham qizg'in muhokamaga sabab bo'ldi.

Qayd etish kerakki, mazkur muammoning yechimi sifatida ichki muvofiqlashtirish va bozor konyukturasini izchillik bilan yaxshilash uchun Assotsiatsiyani barcha zaruriy mexanizmlar va manbalar bilan ta'minlash taklifi ilgari surildi. Jumladan, uyushma a'zolari tomonidan dempingni oldini olish uchun narxlarning past darajasini belgilash, sug'urta xizmatlari bozorini rivojlantirishning yagona strategiyasini aniqlash borasida fikrlar bildirildi.

Shuningdek, tadbir davomida Assotsiatsiya a'zosi bo'lmagan bir qancha kompaniyalar hamkorlik o'rnatish va mazkur uyushma qatoridan o'rin olish istagini ma'lum qildi.  Yig'ilish yakunlari bo'yicha ko'rib chiqilgan masalalar bo'yicha barcha sug'urta kompaniyalarining takliflarini to'plash va ular asosida sug’urta bozorini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruhni tashkil qilish haqidagi qarori qabul qilindi.