You are here

Osiyo Taraqqiyot Bankining "O'zbekiston sug'urtalash sektorini rivojlantirish" texnik ko'magi doirasida seminar bo'lib o'tdi

“O'zbekinvest” Eksport Import Milliy Sug'urta Kompaniyasi binosida Osiyo Taraqqiyot Bankining “O'zbekiston sug'urtalash sektorini rivojlantirish” texnik ko'magi doirasida “O'zbekiston sug'urta bozori – Keyingi bosqichga o'tish” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Unda Osiyo taraqqiyot banki, Moliya vazirligi huzuridagi Sug'urta nazorati bo'yicha davlat inspeksiyasi, O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi vakillari, Bank-moliya akademiyasi tadqiqotchilari va ilmiy xodimlari, shuningdek O'zbekistondagi tijorat banklari va sug'urta bozori subyektlarining 60 dan ortiq mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirda Osiyo Taraqqiyot Bankining O'zbekistondagi hududiy vakolatxonasi mutaxassislari ishtirokchilarni loyiha hamda mazkur yo'nalishdagi kelgusi istiqbollar bilan tanishtirdi. Xususan, Osiyo Taraqqiyot Bankining “O'zbekiston sug'urtalash sektorini rivojlantirish” texnik ko'magi 2012 yilning dekabr oyida ma'qullangan bo'lib, o'z ichiga bir nechta yo'nalishlarni qamrab oladi.Jumladan, milliy qonunchilikning Xalqaro sug'urta nazoratlari assotsiatsiyasi, xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlariga muvofiqligini baholash orqali tartibga solish tizimini rivojlantirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish, ma'lumotlar to'plash, qayta ishlash va sug'urta faoliyati tahlili uchun elektron hujjatlar aylanmasi tizimini joriy qilish, yangi sug'urta mahsulotlari va savdo kanallarini aniqlash hamda sug'urta bozori professional ishtirokchilari xodimlarining malakasini oshirish shular jumlasidan.

Loyihaning amalga oshirilish muddati 2013 yil yanvar oyidan 2015 yil iyun oyigacha etib belgilangan. Tadbirda OTB xalqaro maslahatchisi Arman Ozanning ma'ruza va taqdimotlari tinglandi. Unda xalqaro sug'urta bozoridagi vaziyat va milliy sug'urta bozorini kengaytirish imkoniyatlari, sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish, narx siyosati va misollar, shuningdek sug'urta marketingi va sug'urta mahsulotlarini ilgari surish, savdo madaniyatini rivojlantirish va mijozlar bilan hamkorlik tizimini qurish va sug'urta mahsulotlari savdo kanallarini boshqarish kabi mavzular qamrab olindi.

OTB xalqaro maslahatchisi Arman Ozan “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

- O'zbekistondagi sug'urta bozori o'sish bosqichida turibdi va bizning oldimizdagi vazifa uning barqarorligi va yuqori sur'atlarini ta'minlashdan iborat. Mazkur seminar ham aynan shu masalaga bag'ishlandi. Seminarda O'zbekistondagi sug'urta bozori o'sishi ta'minlab berayotgan yangi sug'urta mahsulotlari va ularni tarqatish kanallari haqida so'zlandi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad haqiqatdan ham keng qamrovli aholi uchun qo'llanilishi mumkin bo'lgan ommaviy xarakterdagi mahsulotlarni ishlab chiqishdan iborat. Xususan, taqdimot davomida shu kabi 3-4 ta mag'sulot haqida tushuncha berildi. Mazkur mahsulotlarning yangi xususiyatlari avvalo ularning taqdim qilinish muddatlari bilan bog'liq, bundan tashqari, hozirda sug'urta qoplamaydigan xatarlarning turlari keltirilgan. Shuningdek, sessiyalarning birida iste'molchilar uchn ta'lim dasturlari masalasi muhokama qilindi. Chunki, iste'molchi sug'urta biznesidagi muhim bo'g'inlardan biridir va uning savodxonligi oshirilmasa, sanoat yaxshilana olmaydi. Bundan tashqari, sug'urta bozoriga boshqa ishtirokchilar, jumladan bank sektori va mobil operatorlarni jalb qilish masalalari ham ko'rib chiqildi. Global qamrovda ularning barchasi sug'urta mahsulotlari tarqatuvchisi sifatida ishtirok etadi. Shu sababdan, O'zbekistondagi vaziyat tahlil qilinib, sug'urta sektorida shu kabi yangi ishtirokchilardan foydalanish salohiyati aniqlanishi zarur. Aytish joizki, ushbu taqdimot O'zbekistonga taqdim etilayotgan texnik ko'mak dasturining bir elementidir va u normativ baza bo'yicha jiddiy ishlar olib borilishini taqozo etadi. Ya'ni, O'zbekistonning normativ bazasi xalqaro talablarga muvofiq holga keltirilishi zarur. Bu esa, mazkur ish bo'yicha xali yangi tadbirlar va bosqichlar bo'lib o'tishini bildiradi.

Har bir sessiya yakunlari bo'yicha, seminar ma'ruzachilari va ishtirokchilar o'rtasida savol va javob almashuvi bo'lib o'tdi.