You are here

Toshkent iqtisodiyot kolleji o'quvchilarining ta'lim jarayonini takomillashtirmoqda

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi selektor majlisi bayonnomasi bilan 2011 yilning 12 avgustidan binoan “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasiga Toshkent iqtisodiyot kolleji biriktirildi. Shu vaqtdan boshlab kompaniya o'quvchilarning ta'lim jarayonini takomillashtirish bo'yicha faol ishlar olib borgan holda, kollej bitiruvchilariga ishlab chiqarish amaliyotidan o'tish, ishga joylashish hamda ta'lim maskanini moddiy-texnik ta'minlashda ko'mak berib keladi.

 “O'zbekinvest”  kompaniyasi va Toshkent iqtisodiyot kolleji o'rtasida o'quvchilarning yanada samarali ta'lim olishi uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan qator hujjatlar tuzilgan. Bundan tashqari, kompaniya tomonidan umumiy qiymati 37 mln. 600 ming so'mga teng xomiylik yordami ko'rsatilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK o'quv markazi menejeri Mukarram Alibayeva “Uzreport” AA muxbiriga bergan intervyusida jumladan shunday dedi:

– Bu mablag' bank ishi bo'yicha maxsus auditoriyani yaratishga sarflandi. Auditoriya zamonaviy kompyuter texnikasi bilan jihozlandi. Kompyuterlarga esa o'z navbatida o'quvchilarga bank ishini o'zlatirish va bo'lajak kasbiga tayyorlanish imkonini beruvchi maxsus dasturlar o'rnatildi.

Qayd etish joizki, “O'zbekinvest” tizimida Toshkent iqtisodiyot kolleji o'quvchilari amaliyotini tashkil etish va o'tkazish Tartibi asosida, 2011-2014 yillar davomida 220 dan ortiq o'quvchilar kompaniyada amaliyotni o'tadi. Bugungi kunda esa 22 nafar o'quvchi amaliyot jarayonidan o'tmoqda.

“Biz bitiruvchilar hamda 2-3 kurslar o'quvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil qilishda yordam ko'rsatamiz. Ular yiliga ikki marta kompaniyamiz tizimida bizdagi amaliyot tashkiloti va o'tish tartibi asosida, bevosita ish joylarida o'z ustozlari bilan amaliyot o'taydi. Ular ish yuritish hamda sug'urta faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasining asoslarini o'rganib, odamlar bilan muloqot qura boshlaydi va o'ylashimcha, bu ularning kelgusidagi mehnat faoliyatlarida qo'l keladi”, – deya ta'kidladi Mukarram Alibayeva.

Toshkent iqtisodiyot kolleji o'quvchilarini rag'batlantirish maqsadida, kompaniya shuningdek har yili eng yaxshi diplos ishiga tanlov e'lon qiladi.

«O'zbekinvest» EIMSK o'quv markazi menejeri Mukarram Alibayeva “Uzreport” AA muxbiriga bergan intervyusida, shuningdek, quyidagilarni ta'kidladi:

– Diplom ishi dastlab ichki saralashdan o'tadi, so'ngra tanlov komissiyasiga ko'rik uchun yuboriladi. Natijada, 3 ta yo'nalish bo'yicha eng yaxshi ishlar tanlab olinadi. Bular moliya, bank ishi hamda buxgalteriya va audit yo'nalishlaridir. G'oliblarga diplom topshirish marosimi vaqtida sertifikatlar va  pulli mukofotlar taqdim qilinadi. Tabiiyki, bu yoshlarni sezilarli darajada rag'batlantiradi.

Qo'shimcha qilish kerakki, “O'zbekinvest” kompaniyasi Toshkent iqtisodiyot kolleji o'qituvchilariga ham o'z tizimida amaliyot o'tash imkonini yaratadi. Ular tomonidan olingan bilimlar keyinchalik pedagogik faoliyatda qo'llaniluvchi yangi uslubiy qo'llanmalarni ishlab chiqishda inobatga olinadi. Ta'kidlash joizki, kompaniya Namangan va Farhona viloyatlaridagi o'ziga biriktirilgan kollejlar bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Shu tariqa, “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi mazkur kollejlarga ko'mak berish orqali bo'lajak yosh mutaxassislarning kasbiy mahoratlarini oshirishga xizmat qiladi.