You are here

I yarim yillikda respublika sug'urtachilari investitsiyalarining umumiy hajmi 589,8 mlrd. so'mdan oshdi

Zamonaviy sharoitlarda sug'urta alohida tarzda emas, balki boshqa iqtisodiy kategoriyalar bilan hamkorlikda amal qiladi. Bunda sohalar orasida yuzaga keladigan munosabatlarni amalga oshirishda umumiy asosni investitsiya faoliyati ta'minlab beradi. Shu asnoda, sug'urta kompaniyalari institutsional investorlar sanaladi. Sug'urtachilarning to'lov layoqati va moliyaviy barqarorligi sug'urta bozori barqarorligi hamda sug'urta kompaniyasi mijozi himoyalanganligi kafolatidir. Bu borada kompaniyaning investitsion faoliyati alohida ahamiyatga ega.

Sug'urta kompaniyalarining investitsiya manbalarini ularning shaxsiy mablag'lari va jalb qilingan resurslar tashkil qiladi. Shaxsiy mablag'lar – sug'urta kompaniyasi ustav kapitalidagi mablag', jalb qilingan pul vositalari esa – sug'urta zaxiralari va boshqa manbalardir. Xususan, “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining investitsiyalari sug'urta kompaniyalari investitsiyalari umumiy hajmining 35 foizini tashkil qildi.

- O'zbekistonda sug'urta kompaniyalarining investitsiyaga oid faoliyati asosan Moliya vazirligining «Sug'urtachilarning sug'urta zaxiralari to'g'risida», «Sug'urtachilarning to'lov layoqati to'g'risida», «Sug'urtachining investitsiyaviy faoliyati to'g'risida»gi nizomlari hamda boshqa qonuniy hujjatlar tomonidan tartibga solinadi. Sug'urtachi moliyaviy barqarorlikni ta'minlash maqsadida, shaxsiy aktivlarini qaytish, likvidlik, diversifikatsiya va daromadlilik tamoyillari ostida joylashtirish kerak, - deya qayd etdi «O'zbekinvest» EIMSK Moliya, aktivlar va sug'urta zaxiralarini boshqarish bo'limi menejeri Ulug'bek Ubaydullayev.

Qayd etish kerakki, O'zbekiston va xorijiy davlatlarning qimmatli qog'ozlari, bank depozit sertifikatlari, kredit tashkilotlar, ko'chmas va ko'chadigan mulk va ularga bo'lgan huquqlarga omonatlar, shuningdek O'zbekiston Respublikasi korporativ qimmatli qog'ozlari sug'urtachi investitsiyaviy faoliyatining obyektlari hisoblanadi.

- «Sug'urtachining investitsiyaviy faoliyati to'g'risida»gi nizom asosida sug'urta kompaniyalari har yili keyingi moliyaviy yil uchun investitsiyaviy siyosatni ishlab chiqadi va u joriy moliya yilining 20 dekabriga qadar Sug'urtachi kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Raqamlarga murojaat qilsak, shu yilning 1- yarim yilligi yakunlariga ko'ra, respublika sug'urtachilari investitsiyalarining umumiy hajmi 589,8 mlrd. so'mdan oshdi. Joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko'ra, O'zbekinvest kompaniyasi investitsiyalari 221 mlrd. so'mdan iborat bo'lib, bu o'tgan yilning mos davridagi ko'rsatkichdan 10,7 foizga ortiq. Kompaniyaning investitsion portfelida tijorat banklaridagi depozit omonatlar, aksiyalar, obligatsiyalar, depozit sertifikatlari, ustav kapitallaridagi ulushlar va boshqa moliyaviy vositalar kabi turli investitsiya ob'ektlari mavjud, - deya qo'shimcha qildi Ulug'bek Ubaydullayev.

Kompaniya diversifikatsiya qilish maqsadida, iqtisodiyotning turli sektorlariga, shuningdek moliyaviy sohada tijorat banklari, lizing, sug'urta va investitsiya kompaniyalariga investitsiya kiritadi. Bundan tashqari, O'zbekinvest kompaniyasi investitsiyalari sanoatning neftgaz, paxta, qurilish kabi tarmoqlarida ham taqdim qilingan. Qo'shimcha qilib aytganda, sug'urtachining investitsiyaga oid faoliyati sug'urta kompaniyasini rivojlantirishda muhim o'ringa ega. Chunki, investitsiya faoliyatidan olingan daromad sug'urta kompaniyasining yalpi foydasida katta ulushga ega. Shu bilan birga, ko'pincha sug'urta qoplamalari ham kompaniyaning investitsion mablag'lari hisobidan to'lab beriladi.