You are here

"O'zbekinvest Hayot" ShSK "Eng yaxshi servis" nominatsiyasida diplom bilan mukofotlandi

Poytaxtimizda 300 dan ortiq eksponent-kompaniyalar ishtirok etgan “Ipak yo'li bo'ylab turizm”-2014 yigirmanchi turizm yarmarkasi o'z ishini yakunladi. Rasmiy yopilish marosimida yarmarka ishtirokchilariga turli nominatsiyalar bo'yicha diplomlar topshirildi. Xususan, “O'zbekinvest Hayot” Sho'ba sug'urta kompaniyasi ham “Eng yaxshi servis” nominatsiyasida diplom bilan mukofotlandi. Qayd etish kerakki, joriy yilning 6 oyi davomida kompaniya tomonidan sayohatchilar sug'urtasi sohasida 4 mingga yaqin shartnomalar tuzildi.

Xorijga ketayotgan shaxslarni sug'urta qilish 2004 yilda tashkil topgan “O'zbekinvest Hayot” kompaniyasi faoliyatidagi ustuvor yo'nalishlardan biridir. Mazkur mahsulotning ahamiyatini inobatga olgan holda, kompaniya doimiy tarzda servisni yaxshilash ustida ish olib boradi.

«O'zbekinvest Hayot» ShSK Toshkent filiali direktori Jaxongir Yo'ldoshev “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Turizm yarmarkasining 20-yilligida bunday yuksak mukofotni olganimizdan hursandmiz. Biz turizm tarmog'i ishtirokchilari hamjamiyati tomonidan “O'zbekinvest Hayot” o'z sohasida eng yaxshi servis ko'rsatuvchi kompaniya sifatida baholanganidan mamnunmiz. Kompaniyamiz yanada ko'proq odamlar sug'urtaning afzalliklari haqida bilishi va ushbu moliyaviy vositadan faolroq foydalanishi uchun faqatgina mijoz uchun ishlaydi. Masalan, 2013 yilda “O'zbekinvest Hayot” kompaniyasi tomonidan O'zbekistondan chiqib ketayotgan 9 mingga yaqin odam sug'urta qilingan bo'lib, joriy yilning birinchi yarmida esa 4,5 ming kishi sug'urta himoyasi bilan ta'minlandi.

Qo'shimcha qilish joizki, respublikamizda so'nggi vaqtda xorijga safarlardan tashqari, mahalliy yo'nalishlar ham tobora ommalashib bormoqda. Odamlar tarixiy va me'moriy yodgorliklar joylashgan hududlarga, shuningdek O'zbekistondagi sog'lomlashtirish va dam olish maskanlariga ko'proq tashrif buyurmoqda. Shu sababli, “O'zbekinvest Hayot” xizmatlariga bo'lgan talab ortib, O'zbekiston sug'urta bozoridagi mazkur yo'nalishni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.