You are here

"O'zbekinvest" kompaniyasi yurtimiz moliya bozorida birinchilardan bo'lib Sifat boshqaruvi tizimini joriy qilgan

10 yil avval “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi respublika korxonalari, tadbirkorlik subyektlari va aholiga taqdim qilinuvchi sug'urta xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida, ISO 9001:2008 xalqaro standari talablari asosida tuzilgan sifat boshqaruvi tizimini joriy qilgan. Shu davr mobaynida mazkur tizim bo'yicha erishilgan natijalar muxbirimiz lavhasida. Qayd etish kerakki, “O'zbekinvest” kompaniyasi O'zbekiston moliya bozorida birinchilardan bo'lib tahlil, baholash va faoliyatni optimallashtirishdagi samarali vosita hisoblangan Sifat boshqaruvi tizimini joriy qilib, xalqaro muvofiqlik sertifikatini olgan.

“Ushbu tizim amal qilgandan boshlab, sug'urta faoliyati bo'yicha barcha hujjatlar yagona standartga birlashtirilib, kompaniyadagi hujjatlarni o'z ichiga oluvchi yagona ma'lumotlar bazasiga kiritildi. Mazkur tizim “O'zbekinvest” kompaniyasi, jumladan hududiy filiallardagi har bir xodimning kompyuterida mavjud. Bu orqali biz kompaniyaning barcha hududiy bo'limlarida xujjatlarning dolzarb namunalaridan foydalanishni ta'minlab beramiz”, - deya qayd etdi «O'zbekinvest» EIMSK Strategik rivojlanish, marketing va sifat boshqaruvi bo'limi bosh menejeri Munira Rasulova.

Shu bilan birga, Sifat boshqaruvi tizimining joriy qilinishi “O'zbekinvest” uchun sug'urta xizmatlari taqdim qilinishi va xujjatlar aylanmasida vaqtni tejash, xodimlar mas'uliyati darajasini oshirish imkonini berdi. Ta'kidlash joizki, Sifat boshqaruvi tizimiga muvofiq, yangi sug'urta xizmatlarini ishlab chiqishda kompaniya aniq belgilangan va hujjatlashtirilgan talablarga amal qiladi hamda ma'lumot yig'ish bosqichiga alohida e'tibor qaratadi.

“Bunda iste'molchilar tomonidan qayta aloqa o'rganiladi. Qandaydir sug'urta mahsulotini ishlab chiqishdan avval biz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari qatorida, respublika aholisi o'rtasida ham so'rovnoma o'tkazib, ularning fikrlarini o'rganamiz. Ular o'z faoliyatini amalga oshirish jarayonida qanday sug'urta himoyasidan foydalanishni istayotganliklarini aniqlaymiz. Iste'molchilar fikri o'rganiladi, tahlil qilinadi va shu asosda hamda xalqaro tajribani hisobga olgan holda, yangi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqiladi”, - deya qo'shimcha qildi Munira Rasulova.

Qo'shimcha qilish joizki, mazkur tizimning kompaniya faoliyatini yo'lga qo'yilishi boshqaruv shaffofligini ta'minlash, vazifalar va jarayonlarning qaytarilishini bartaraf qilish, bo'limlar o'rtasida axborot oqimlarini optimallashtirish va shu orqali mahalliy hamda xorijiy bozorlarda kompaniya samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish imkonini yaratadi.