You are here

"O'zbekinvest" keng ko'lamdagi sug'urta xizmatlarini taqdim qilmoqda

“O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi mijozlarning talablaridan kelib chiqqan holda, keng ko'lamdagi sug'urta xizmatlarini taqdim qiladi. So'nggi yillarda O'zbekistonda kichik biznesni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilishi munosabati bilan, “O'zbekinvest” xususan mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun yanada manfaatli sharoitlarni taqdim qilish bo'yicha faol ishlar olib bormoqda.  Qayd etish joizki, mahalliy eksportyorlarga sug'urta himoyasini taqdim etish “O'zbekinvest” faoliyatidagi ustuvor yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Zero, xorijga eksport qiladigan kompaniyalar turli darajadagi xatarlarga to'qnash keladi.

“Bu holda, asosan yetkazib berilgan tovar yoki ko'rsatilgan xizmatlar borasidagi xatarlar nazarda tutiladi. Bizning kompaniyamiz muvofiq tarzda xorijiy sheriklar tomonidan mablag'lar to'lanmasligi bilan bog'liq xatardan himoya taqdim qiladi. Bu kompaniyamiz tomonidan eksport qiluvchilarga taklif qilinuvchi asosiy xizmat turidir”, - deydi  «O'zbekinvest» EIMSK Eksport xatarlari va investitsiyalar sug'urtasi bo'limi menejeri Umida Musaliyeva.

Joriy yilda kompaniya tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun eksport sug'urtasi shartnomasidagi ma'lum  shartlar, hamda ular tomonidan sug'urta qildirish uchun beriladigan murojaatlar tizimi yengillashtirildi. Shuningdek, qo'shimcha imtiyozlar ham taqdim etilgan. Xususan, endilikda “O'zbekinvest”da sug'urta qildirgan  kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eksport qilinayotgan mahsulotga zarar yetgan tarzda sug'urta qoplamasini oladi. Avval esa, bu xizmat uchun alohida sug'urta shartnomasi tuzilgan.

Shu yilning 2 iyunida Vazirlar Mahkamasining “Milliy eksportyorlarni sug'urta himoyasini ta'minlash to'g'risida”gi qaroriga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar kompaniya tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun taqdim qilinayotgan xizmatlar sonining o'sishiga turtki bo'ldi.

Shuningdek, qarorga mazkur tarmoq subyektlari uchun sug'urta qoplamalarini to'lash muddatlarini qisqartirish to'g'risida o'zgartirish kiritildi. Shu bilan birga, ular uchun xatarlar qoplamasi ilgari xorijiy valyutada to'langan bo'lsa, hozirda esa  milliy valyutada amalga oshirilishi bilan bog'liq imtiyoz ham belgilangan. Bundan tashqari, sug'urta holati yuz berganida taqdim qilinadigan hujjatlar ro'yxatiga ham o'zgartirishlar belgilandi. Ya'ni, bu aniq ro'yxat bo'lib, sug'urta kompaniyalari unda ko'rsatilmagan hujjatlarni talab qilish huquqiga ega emas. Yana bir muhim qadam shundaki, sug'urtalash franshizasiz amalga oshirilmoqda. Bunda sug'urta holati sodir bo'lganida sug'urta kompaniyasi zararning 100 foizini qoplab beradi. Mazkur qaror qabul qilinganidan so'ng, bizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini sug'urta mexanizmining o'ziga jalb qilishga ko'proq imkon tug'ildi. O'z navbatida ular tomonidan ortib borayotgan qiziqishiga guvoh bo'lib turibmiz, ushbu soha vakillariga taqdim etilgan sug'urta himoyasi talabnomalari soni ham sezilarli oshdi”- deya ta'kidladi «O'zbekinvest» EIMSK Eksport xatarlari va investitsiyalar sug'urtasi bo'limi menejeri Umida Musaliyeva.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida, joriy yilning birinchi yarim yilligida “O'zbekinvest” tomnidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga eksport shartnomalarni sug'urta qilish bo'yicha taqdim etilgan sug'urta xizmatlarining o'sishi o'tgan yilning mos davriga nisbatan 155 foizni tashkil qildi. Jami bo'lib, joriy 1 yarim yillik davomida eksport sug'urtasi bo'yicha kompaniyaga kelib tushgan talabnomalar miqdori 26 foizga o'sdi. Bunga muvofiq tarzda kompaniyaning sug'urta himoyasi bo'yicha xizmatlari 145 foizga oshdi. Ta'kidlash kerakki, milliy eksportyorlar uchun eksport sug'urtasi usullari va shartlarini, shuningdek kiritilgan o'zgarishlarni tushuntirish maqsadida, “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan boshqa sug'urta kompaniyalari hamkorligida doimiy tarzda butun respublika bo'ylab davra suhbatlari va seminarlar tashkil etiladi.