You are here
«O'zbekinvest» kompaniyasi: kecha, bugun va ertaga
2017-yilning 25-avgust kuni O'zbekiston milliy matbuot markazida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlari to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida «Mustaqillik yillarida kompaniya tomonidan aholining sug'urta madaniyatini oshirish borasida olib borilgan ishlar: kecha, bugun va ertaga» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda «O'zbekinvest» kompaniyasi tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari, asosiy ko'rsatkichlar, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqilgan yangi sug'urta mahsuloti, to'lab berilayotgan sug'urta qoplamalari va boshqa masalalar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Xususan, qayd etildiki, joriy yilda ham Kompaniya faoliyati respublikaning investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari, mahalliy eksportchilar va aholiga sifatli sug'urta himoyasini taqdim etishga qaratildi.
Agar raqamlarga murojaat qilinsa, joriy yilning I yarim yili davomida respublikaning 2017-yildagi Investitsiya dasturiga kiritilgan 45 ta loyihaga umumiy qiymati 10 trln. so'm sug'urta himoyasi taqdim etildi.
Kompaniya tomonidan jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari 41,2 mlrd. so'mni, olingan sug'urta majburiyatlari 58 trln. so'mni, aholi, korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga to'lab berilgan sug'urta qoplamalari 9 mlrd. so'mni tashkil etdi. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar bilan qariyb 158 mingta sug'urta shartnomlari imzolangan.
Birgina majburiy sug'urta turlari hisoblangan transport vositalari egalari, ish beruvchi va tashuvchilarning fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta qilish yo'nalishida faqat joriy yilning o'tgan yetti oyida ko'rsatilgan xizmatlar tahlili shuni ko'rsatadiki, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha 3,7 mlrd. so'm (o'sish 140 %) sug'urta mukofotlari yig'ilgan va 362 mln. so'm sug'urta qoplamalari to'lab berilgan. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi bo'yicha esa yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 3,6 mlrd. so'mni (o'sish 110%ni), to'langan sug'urta qoplamalari 2 mlrd. so'mni tashkil etadi.
Sug'urta shartnomasi bo'yicha qabul qilingan majburiyatlarni vaqtida bajarish, sug'urta hodisasi yuz berganda mijoz da'vosini tezkor ko'rib chiqib, sug'urta qoplamalarini o'z vaqtida to'lab berish «O'zbekinvest» kompaniyasi faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Joriy yilning o'tgan yetti oyi davomida Kompaniya tizimida 10 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamalari to'lab berilgan. Birgina iyul oyida 1,3 mlrd. so'm hajmidagi sug'urta qoplamalari to'langan bo'lib, xususan, sodir bo'lgan sug'urta hodisalari bo'yicha berilgan da'vo arizalarini ko'rib chiqilishi natijasida neftni qayta ishlash sohasida mulk sug'urtasi bo'yicha 65 mln. so'm, elektr tarmog'i sohasida mulk sug'urtasi bo'yicha 15 mln. so'm, Jizzax viloyatidagi namunaviy uy-joylar sug'urtasi bo'yicha jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun 19,5 mln. so'm sug'urta qoplamalari to'lab berildi.
Tadbirda ta'kidlandiki, kompaniya tomonidan yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish va mavjudlarini takomillashtirish ustida doimiy ish olib borilgan. Joriy yilda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi farovonligini yanada oshirish bo'yicha qabul qilinayotgan hujjatlar, yirik loyihalar talablari hamda tadbirkorlar va aholi manfaatlaridan kelib chiqib, 3 ta yangi sug'urta mahsuloti ishlab chiqildi, mijozlar talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda namunaviy sug'urta shartnomalarining 33 tasiga o'zgartirishlar (indossament) kiritildi va 90 ta shartnoma modernizatsiya qilindi.
«O'zbekinvest» kompaniyasi joriy yilning o'tgan davri mobaynida sug'urta xizmatlarini kengaytirish va ulardan foydalanish uchun qulaylikni ta'minlash maqsadida respublikaning Ellikqal'a, Shofirkon, Kogon, Mirzacho'l, Do'stlik, Narpay, Sardoba, Shirin, Oqoltin, Qibray, Dang'ara, Buvayda, Qo'shtepa, Yozyovon tumanlarida yangi sug'urta bo'limlari faoliyatini yo'lga qo'ydi. Ayni paytda kompaniyaning Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog'iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan 14 ta hududiy filiallari va 161 ta sug'urta bo'linmalari orqali jahon amaliyotida qo'llaniladigan 100 dan ortiq an'anaviy sug'urta xizmati turlari mijozlarga taqdim etilmoqda. Bundan tashqari «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Ixtiyoriy tibbiy sug'urta», «Ixtiyoriy mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotini Internet orqali sotib olish imkoniyati ham mavjud.
Mamlakatimizda aholining sug'urta madaniyatini oshirish, sug'urta himoyasining afzalliklari, «O'zbekinvest» kompaniyasi faoliyati va ko'rsatilayotgan xizmatlar to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor etishda jurnalistlar rolini oshirish maqsadida joriy yil boshida tanlov e'lon qilingan edi. Ushbu tanlov uchun nomzodlardan turli ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan 80 dan ortiq materiallar kelib tushgan. Matbuot anjumanida tanlovning g'olib va sovrindorlari qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
Barcha ma'ruzalardan so'ng kompaniya va OAV vakillari o'rtasida fikr almashildi. Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning majburiy va ixtiyoriy sug'urta turlari hamda Davlat dasturlari va Hukumatning iqtisodiy dasturi muhim ustuvor yo'nalishlari doirasida Kompaniya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida va boshqa savollariga javob berishdi.
«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati