You are here

“O'zbekinvest” kompaniyasi ishonch telefonlari faoliyatini baholash imkoniyati yaratildi

 “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida o'z faoliyatida qator zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etib kelmoqda. O'tgan davr mobaynida sug'urta sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, uning imkoniyatlarini jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlarida tatbiq etishga qaratilgan bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, kompaniya rasmiy veb-saytida «murojaatlarni ko'rib chiqish», «sug'urta polisini onlayn buyurtma qilish», «sug'urta kalkulyatori» kabi interaktiv xizmatlar yo'lga qo'yildi. Shuningdek, 10 turdagi sug'urta mahsulotini Internet orqali sotib olish imkoniyati mavjud. Joriy etilgan «sms-xabar» xizmati orqali esa sug'urta mukofoti, polisning raqami, sotib olingan sanasi hamda boshqa muhim ma'lumotlar polisni xarid qilish paytida mijozning mobil telefon raqamiga yuborilmoqda.

Ana shunday xizmatlarning navbatdagisi ishonch telefonlarining yangi imkoniyati, ya'ni ishonch telefoni orqali kompaniyaga murojaat qilinganda, suhbatdan so'ng, birdan beshgacha raqamni bosib xizmat ko'rsatish sifatini baholash imkoniyati yaratildi. Ushbu yangi xizmat ishonch telefonlari orqali ko'rsatilayotgan xizmatlarning ochiqligini ta'minlaydi, uning ishini monitoring qilish va mijozlar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib ishonch telefoni faoliyatini yanada yaxshilash imkonini beradi.

Ma'lumot o'rnida ta'kidlash joiz, sug'urta xizmatlari foydalanuvchilarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, aholining sug'urta institutiga nisbatan ishonchini mustahkamlash maqsadida “O'zbekinvest” kompaniyasi Bosh ofisida kompaniya va uning tarkibiy bo'linmalariga xizmat ko'rsatish sifati yuzasidan taklif, ariza va shikoyatlarni qabul qilishga mo'ljallangan “ishonch telefoni” (200-02-34) yo'lga qo'yilgan. Ishonch telefonlari dushanbadan jumagacha soat 9:00 dan 18.00 gacha murojaatlarin qabul qiladi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati