You are here

Sug'urtaning majburiy turlari muhokamasiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi

“O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida sug'urtaning majburiy tarlari, jumladan, transport vositalari egalarining, ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtalash bo'yicha Kompaniya tomonidan ko'rsatilyotgan xizmatlar sifatini oshirishga bag'ishlangan seminar tashkil etildi.

Unda Kompaniya hududiy filiallarining majburiy sug'urta turlariga mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.

Ta'kidlash kerak, sug'urta baxtsiz tasodiflar, hayotimizda uchrayotgan turli noxushliklar oqibatida ko'rilgan zararlarning o'rnini qoplash orqali fuqarolarni ijtimoiy himoya qiluvchi tizim hisoblanadi.

Mamlakatimizda o'tgan davr mobaynida fuqarolar tomonidan boshqa shaxslarning hayoti, sog'lig'i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararlarning o'rnini qoplanishini kafolatlash maqsadida majburiy sug'urtaning bir necha turlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan. Xususan, 2008-yilda qabul qilingan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida”gi Qonuniga asosan YTH natijasida jabrlanuvchilar hayoti, sog'lig'i va mol-mulklariga yetkazilgan zararlarning o'rnini qoplash bo'yicha majburiy sug'urta turi joriy etildi.

Jabrlanganlarning mulkiy manfaatlarini himoyalash maqsadida esa 2009-yildan boshlab mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlarining mehnatda mayib bo'lishlari oqibatida, xodimlarning hayoti va sog'lig'iga yetkazilgan zararlar o'rni qoplanishini kafolatlash bo'yicha ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish turi amaliyotga tatbiq etildi.

Shuningdek, 2015-yildan boshlab tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish turi ham amaliyotga kiritildi. Ushbu majburiy sug'urta turi tashuvchi tomonidan yo'lovchilarni tashish chog'ida ularning hayoti, sog'lig'i va mol-mulkiga yetkazilgan zararlar o'rni qoplanishini ta'minlaydi.

Seminarda ushbu majburiy sug'urta turlari bo'yicha hududlarda amalga oshirilyotgan ishlar tahlil qilinib, amaliyotda uchrashi mumkin bo'lgan xato va kamchiliklarni oldini olish, ma'lumotlar bazasi bilan ishlash, sug'urta polislari savdosini amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, sug'urta da'volarini ko'rib chiqishda turli byurokratik to'siqlarni bartaraf etish kabi masalalar muhokama etildi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati