You are here

AKTning korxona va tashkilotlardagi samaradorligi

2017-yilning 6-iyun kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida xo'jalik boshqaruvi organlarida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning samaradorligiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda xo'jalik boshqaruvi organlari, xususan tijorat banklar, sug'urta kompaniyalarining axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo'yicha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Tadbirda «O'zbekinvest» kompaniyasi tizimida axborot kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi to'g'risida ma'lumot berildi. Xususan, Kompaniyada Sug'urtada axborot texnologiyalari departamenti tashkil etilgan bo'lib, o'tgan davr mobaynida sug'urta sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, uning imkoniyatlarini jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlarida tatbiq etishga qaratilgan bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, kompaniya rasmiy veb-saytida «murojaatlarni ko'rib chiqish», «sug'urta polisini onlayn buyurtma qilish», «sug'urta kalkulyatori» kabi interaktiv xizmatlar yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Ixtiyoriy tibbiy sug'urta», «Ixtiyoriy mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotini Internet orqali sotib olish imkoniyati yaratildi. Eng ommaviy bo'lgan sug'urta turlari biri – transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha sug'urta xizmatidan foydalanishda aholiga yanada qulaylik yaratilib, «SMS-xabar» xizmati joriy etildi. Bu orqali sug'urta mukofoti, polisning raqami, sotib olingan sanasi hamda tegishli filial telefon raqamlari haqidagi ma'lumotlar polisni xarid qilish paytida mijozning mobil telefon raqamiga yuborilmoqda.

Ushbu say'-harakatlar natijasida 2017-yilning I choragi yakuniga ko'ra o'z faoliyatida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo'yicha 116 ta vazirlik va idoralar orasida «O'zbekinvest» kompaniya 91,09 ball bilan umumiy reytingda 3-o'rinni egalladi.

Shuningdek, davra suhbati davomida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini korxona va tashkilotlarda joriy etishning samaradorligi bo'yicha mavjud amaliyot bo'yicha ishtirokchilar fikr almashdilar.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati