You are here

Mehnat muhofazasi – samaradorlik omili

2017-yilning 1-iyun kuni “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida mehnat muhofazasi sohasidagi qonun hujjatlarining kompaniya tizimidagi ijrosi muhokamasiga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi.

Unda “O'zbekinvest” kompaniyasi xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari, tibbiyot xodimlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, mamlakatimizda korxona va tashkilot xodimlariga xavfsiz, qulay va munosib mehnat sharoitlari yaratish masalalariga ustuvor vazifa sifatida e'tibor qaratiladi. Bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar korxona hamda tashkilotlardagi mehnat muhofazasi holatini yanada yaxshilash, ish jarayonidagi shikastlanish va kasb kasalliklarining oldini olishda muhim asos bo'lmoqda.

Xususan, ushbu sohada “O'zbekinvest” kompaniyasida ham mehnatni muhofaza qilish hamda xodimlarga yaratilgan mehnat va maishiy sharoitlar ahvolini yanada yaxshilash maqsadida bino xavfsizlik texnikasi bo'yicha yo'riqnomalar bilan jihozlangan va sanitariya-maishiy xonalar mavjud. Mehnat kodeksiga muvofiq, barcha xodimlarni doimiy tibbiy ko'rikdan o'tishi tashkil etiladi hamda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo'yicha tushuntirish ishlarini olib borish yo'lga qo'yilgan.

Tadbir davomida O'zbekistonda mehnat muhofazasiga oid qonun hujjatlari, xususan, «Mehnatni muhofaza qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017-yil 27-aprelda qabul qilingan “Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish to'g'risida”gi qaror mazmun-mohiyati, ularning ijrosini ta'minlash maqsadida kompaniya tizimida olib borilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumot berildi.

Shuningdek, baxtsiz hodisa ro'y berganda shifokor kelguniga qadar birinchi tez tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha ko'rgazmali o'quv tashkil etildi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati