You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi sayohatchilar uchun yangi sug'urta mahsulotini ishlab chiqdi

Mamlakatimizda sayyohlik sohasini, ayniqsa ichki turizmni yanada rivojlanitirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bolalar va o'smirlarni respublikamizning diqqatga sozovor joylari, tarixiy obidalari, qadimiy shaharlari bilan yaqindan tanishtirish, tog'li so'lim joylar, oromgohlar va boshqa maskanlarida dam olishlari, turli o'quv va sport musobaqalarini tashkil etish ichki turizmning asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Tarixiy-madaniy yodgorliklar va dam olish maskanlarida zamonaviy infratuzilmaning barpo etilayotgani mamlakatimiz aholisi, ayniqsa yoshlar o'rtasida ko'proq sayohatga chiqish, tabiat qo'ynida, dam olish maskanlarida hordiq chiqarishning yanada ommalashuviga xizmat qilmoqda.

O'smirlarning mavsumiy ta'tillarda oromgohlarda dam olayotganda, turli o'quv kurslari, sport musobaqalari, tanlovlar va sayohatda bo'lganida kutilmagan baxtsiz hodisalarga do'ch kelishi xavfi ham mavjud. Bu borada esa sug'urta himoyasining bo'lishi alohida ahamiyatga ega.

Shu jihatlar inobatga olinib, maktab, litsey va kollejlar o'quvchilarining mavsumiy ta'tillari boshlanayotgani munosabati bilan «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan “Yosh sayohatchi” yangi sug'urta mahsulotini ishlab chiqildi.

Ushbu yangi sug'urta turi 7 yoshdan 18 yoshgacha o'smirlarni dam olish maskanlari, oromgohlar, sport sayohati va boshqa turdagi sayohatlarda bo'lganlarida 1 kundan 3 oygacha bo'lgan muddatlarda baxtsiz hodisalardan sug'urtalashni ko'zda tutadi.

Mazkur sug'urta mahsulotiga muvofiq sug'urtalalanuvchining ixtiyoriga bog'liq bo'lmagan kutilmaganda uning organizmiga ta'sir etuvchi va sog'lig'iga shikast yetishiga olib keluvchi hodisalar, xususan, transport vositlari harakati, kuyish, elektr toki, tepalikdan yiqilish, ko'chki, zaharlanish, uchinchi shaxs tomonidan qasddan qilingan hatti-harakatlar kabilar oqibatida shikastlanganda sug'urta himoyasi taqdim etiladi.

Masalan, oromgohga 14 kunga ketayotgan o'smir uchun 3 million so'mlik sug'urta himoyasini 8 ming so'm evaziga sotib olish mumkin. 14 kun davomida biror baxtsiz hodisa oqibatida o'smirga shikast etsa sug'urta qoplamasi amalga oshiriladi.

Agar yuqoridagi keltirilgan misoldagi holatda sug'urtalangan o'smir yengil darajada jarohat olsa, sug'urta summasining 25 foizi, ya'ni 750 000 so'm, o'rta darajada jarohat olsa 50 foizi, ya'ni 1 500 000 so'm, og'ir darajada jarohat olinganda esa 75 foizi, ya'ni 2 250 000 so'm miqdorida sug'urta qoplamasi to'lab beriladi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati