You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasining ishonchlilik reytingi «uzA++» darajasida tasdiqlandi

“SAIPRO” axborot-reyting agentligi 2016-yil yakunlariga ko'ra «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining «uzA++» (Eng yuqori moliyaviy ko'rsatkich) reytingini tasdiqladi.

Agentlikning ta'kidlashicha, kompaniyaning 2016-yildagi faoliyati yakunlari bo'yicha ko'rsatkichlari yuqori darajada saqlab qolingan. Kompaniya tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 30,4 foizga o'sgan. Sug'urta mukofotlari hajmining o'sishi esa kompaniya sug'urta majburiyatlari hajmining o'sishiga ham ta'sir etib, 19,9 foizni tashkil etgan. Umuman, sug'urta portfelining son ko'rsatkichlari yaxshilangan, diversifikatsiyalash darajasi avvalgidek yuqori darajada saqlanib qolgan.

2016-yilda to'lab berilgan sug'urta badallari hajmi 24,6 foizga o'sib, yig'ilgan sug'urta mukofotlarining o'sish darajasidan past. Buning natijasida sug'urta mukofotlarining zarar ko'rish darajasi 0,7 foizga pasaygan va 14,4 foizni tashkil etgan. Ta'kidlash lozimki, ushbu ko'rsatkich ancha past hisoblanadi va kompaniya sug'urta portfeli barqarorligini baholashga salbiy ta'sir etmaydi.

Kompaniya qayta sug'urta qilish bozorida ham faol ishtirok etmoqda. Qayta sug'urta qilish faoliyati sug'urta portfelining son va sifat ko'rsatkichlariga ijobiy ta'sir etmoqda va qayta sug'urta qilish faoliyatini yuqori darajada kompleks baholanishi saqlanib turishini ta'minlamoqda.

Kompaniya filiallari va joylardagi bo'linmalari mamlakatning barcha hududlarini qamrab olganligi, uning sug'urta bozorida yetakchilikni saqlab turishini ta'minlamoqda. 2016-yil yakunlariga ko'ra, barcha hududiy bo'linmalar bo'yicha sug'urta mukofotlarining o'sishi kuzatilgan. Hududiy filiallar va sug'urta bo'limlarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani kompaniya ishchan faoliyatining kompleks bahosiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda.

2016-yilda kompaniya aktivlari 12,9 foizga o'sgan. Ta'kidlash joizki, kompaniya aktivlar va shaxsiy mablag'larning hajmi bo'yicha bozorda yetakchi hisoblanadi. Hisobot davrida shaxsiy mablag'lar va sug'urta zaxiralarining ko'payishi aktivlarning o'sish manbai hisoblangan. Aktivlar tarkibida investitsiyalar jalb etishni ko'paytirish orqali o'sish amalga oshirilgan. Umuman, kompaniya aktivlari dinamikasi ijobiy baholanmoqda va kapital adekvatligi yaxshi holatda saqlanmoqda. Aktivlar likvidligi darajasi ham yuqori baholanmoqda.

Kompaniyaning asosiy sug'urta faoliyatidan keyin investitsiya faoliyati ikkinchi asosiy yo'nalish hisoblanadi. 2016-yilda investitsiyalar hajmi 13,8 foizga ko'paygan va 311,2 mlrd. so'mga yetgan.

Kompaniyaning barqaror moliyaviy holati, sug'urta bozorini boshqarishni tartibga soladigan to'lash qobiliyati bo'yicha yetarli zaxiraga egaligi, shuningdek, bozordagi yetakchilik o'rni kompaniyaning baholash reytingi saqlanishini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati