You are here

Navro'z – birdamlik bayrami

2017-yilning 17-mart kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida Navro'z umumxalq bayrami munosabati bilan «Navro'z – birdamlik bayrami» mavzusida madaniy tadbir bo'lib o'tdi.

Unda Kompaniya rahbariyati, maxsuslashtirilgan sho''ba korxonalari, Toshkent shahridagi filiallar mutaxassislari, Muqimiy nomidagi o'zbek davlat musiqali teatri aktyorlari, shoir va xonandalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ushbu milliy bayram mamlakatimiz tarixida uzoq yillardan beri qadrlanib kelinayotgani, ayniqsa mustaqillik yillarida uning insonni tabiat bilan hamohang bo'lib yashashi, mehr-oqibat va hamjihatlik, keksalarga e'zoz va ehtirom, kichiklarga izzat ko'rsatish, odamiylik, yaxshi qo'shnichilik, xayr-saxovat, bag'rikenglik va bunyodkorlik ramziga aylanib qolgani bilan ham ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, xalqimiz uchun tabiat uyg'onishi, sharqona yangi yilning boshlanishi bo'lmish Navro'z bayramini yurtimizning barcha hudud va mintaqalarida, mahallayu qishloqlarda, tashkilotlarda kutarinki kayfiyat bilan nishonlash an'anaga aylinib qolgan.

Madaniy kechada tobora yaqinlashib kelayotgan, necha ming yillar davomida azaliy qadriyatlarimizni o'zida mujassam etib, ajdodlarimizdan bizga meros bo'lib kelayotgan Navro'zning istiqlol yillarida hayotimizdagi o'rni va mohiyati yanada oshib borayotgani haqida fikr bildirildi.

Tadbirdar ishtirok etgan jamoatchilik vakillari Navro'z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog'liq urf-odat, an'ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyati, mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat'i nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun uning sevimli bayramga aylanganini alohida qayd etishdi.

Madaniy kechada shoir, teatr aktyorlari va xonandalarning badiiy chiqishlari bayram ishtirokchilariga yanada ko'tarinki kayfiyat baxsh etdi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati