You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi surxondaryolik tashuvchilar uchun seminar tashkil etdi

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan tashuvchilarga sug'urta himoyasining afzalliklarini kengroq tushuntirishga qaratilgan turkum seminar-treninglar va davra suhbatlarini o'tkazish rejasi ishlab chiqilgan bo'lib, ushbu tadbirlarning navbatdagisi 2017-yilning 14-mart kuni Surxondaryo viloyatida tashkil etildi.

Seminarda viloyat hokimligi, sug'urta tashkilotlari, yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi, avtomobil va daryo transporti agentligi, yo'lovchi tashish bilan shug'ullanadigan korxonalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolar ishtirok etishdi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan 2015-yilda qabul qilingan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi Qonun va «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi Vazirlar Mahkamasining 266-sonli qarori mazmun-mohiyati, ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan sug'urta kompaniyasi va tashuvchining huquq va majburiyatlari, sug'urta hodisasi yuz berganda qoplamalarning amalga oshirilish tartibi haqida batafsil ma'lumot berildi.

Xususan, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish tug'risida”gi Qonun tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solib, respublika hududida barcha turdagi transport vositasida tashish chog'ida yo'lovchilarga yetkazilgan zarar qoplanishini kafolaydi. Ushbu hujjatga muvofiq har bir tashuvchi yo'lovchilarning hayoti, sog'lig'i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o'z fuqarolik javobgarligini tashish bo'yicha xizmatlar ko'rsatish boshlanguniga qadar, ushbu qonunda belgilangan shartlar asosida va tartib bilan amalga oshirish zarur.

Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtalashning asosiy sharti asosan, sug'urtalovchi sug'urta hodisasi sodir bulganda jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga yoxud tashuvchiga yo'lovchilarning hayoti, sog'ligi va mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini sug'urta sharnomasida asosida sug'urta puli doirasida qoplash majburiyatini olishi hisoblanadi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq sug'urta puli bitta yo'lovchiga 11 ming AQSh dollari ekvivalentiga teng miqdorida, ulardan 10 ming AQSh dollari – yo'lovchining hayoti yoki sog'lig'iga, 1 ming AQSh dollari esa uning mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash uchun belgilangan.

Tadbir davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berishdi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati