You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani haqida

2017-yilning 22-fevral kuni O'zbekiston milliy matbuot markazida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan Kompaniyaning 2016-yildagi faoliyati yakunlari va 2017-yildagi faoliyatining asosiy yo'nalishlariga bag'ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda «O'zbekinvest» kompaniyasi tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Kompaniya mutaxassislari o'tgan 2016-yilda «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, xususan Respublikaning investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari, mahalliy eksportchilar va aholiga taqdim etilgan sug'urta xizmatlari, ishlab chiqilgan yangi sug'urta mahsulotlari, sug'urta badallarining to'lab berilishi va boshqa masalalar bo'yicha ma'lumot berishdi.

Xususan, qayd etildiki, Kompaniyaning 2016-yildagi faoliyati O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qator qaror va farmonlari hamda Kompaniyaning Ustav maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, Respublika investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari, mahalliy eksportchilar va aholiga sifatli sug'urta himoyasini taqdim etishga qaratildi.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, hisobot davrida respublikaning 2016-yildagi Investitsiya dasturiga kiritilgan 88 ta loyihaga umumiy qiymati 17,5 trln. so'm sug'urta himoyasi taqdim etildi. Ushbu yo'nalish bo'yicha o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda o'sish ko'rsatgichi 108,5 foizni tashkil etadi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, ishlab chiqarishni rivojlantirish, korxonalarning eksport salohiyatini oshirishga katta e'tibor qaratilib kelinmoqda. Ta'kidlash joizki, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoriga chiqishida sug'urta xizmati muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari shaxsiy va mulkiy manfaatlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlash yo'nalishda o'tgan yil davomida olingan sug'urta majburiyatlari hajmi 2,2 trln. so'mni (o'sish 173 foizni), yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi esa 5,8 mlrd. so'mni (o'sish 140,2 foizni) tashkil etdi.

Kompaniya tomonidan mahalliy eksportchilar mulkiy manfaatlarini kompleks sug'urta himoyasi bilan ta'minlash bo'yicha umumiy qiymati 500,8 mlrd. so'm (o'sish 119 foiz) bo'lgan hajmda sug'urta shartnomalari tuzildi.

Shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining eksport shartnomalarini cug'urtalash bo'yicha qabul qilingan majburiyatlar 263,5 mlrd. so'mni (o'sish 120 foiz) tashkil etdi.

«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi, «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi va «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunlari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar «O'zbekinvest» kompaniyasining asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Hisobot davrida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 5,4 mlrd. so'mni (o'sish 150 foizni), to'langan sug'urta qoplamalari hajmi 507,7 mln. so'mni tashkil etdi.

Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi bo'yicha yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 5,9 mlrd. so'mni (o'sish 148 foizni), to'langan sug'urta qoplamalari 4,5 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 386,9 mln. so'mni (o'sish 146 foizni), to'langan sug'urta qoplamalari 24,8 mln. so'mni tashkil etdi.

2016-yil yakunlari bo'yicha Kompaniya tomonidan jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari 104 mlrd. so'mni (o'sish 130 foizni), olingan sug'urta majburiyatlari 58,5 trln. so'mni (o'sish 110 foizni), aholi, korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga to'lab berilgan sug'urta qoplamalari 15 mlrd. so'mni (o'sish 135 foizni) tashkil etdi. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar bilan jami 207 mingdan ortiq sug'urta shartnomlari imzolangan.

Tadbirda ta'kidlandiki, Kompaniya tomonidan yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish va mavjud sug'urta mahsulotlarini takomillashtirish ustida doimiy ish olib borilgan. Hisobot davrida 12 ta yangi sug'urta mahsuloti ishlab chiqildi, mijozlar talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda namunaviy sug'urta shartnomalarining 56 tasiga o'zgartirishlar (indossament) kiritildi va 215 ta shartnoma modernizatsiya qilindi.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan eksportchilar, tadbirkorlik sub'ektlari, xususan meva va sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga sug'urta himoyasini taqdim etish maqsadida 4 ta yangi: «Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning tadbirkorlik qaltisliklarini sug'urtalash», «Meva-sabzavot, qishloq ho'jaligi mahsulotlarini tashishni sug'urtalash», «Muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug'urtalash», «Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilar uchun eksport shartnomasi sug'urtalash» sug'urta mahsuloti ishlab chiqildi.

«O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta bo'linmalarini ochish va respublika hududlarida faoliyat geografiyasini kengaytirish borasida doimiy ish olib bormoqda. 2016-yil davomida 10 ta yangi sug'urta bo'limlari ochilib, hududiy bo'linmalarining umumiy soni 160 taga yetdi, shulardan 14 tasi hududiy filiallar va 146 tasi sug'urta bo'limlaridir.

Barcha ma'ruzalardan so'ng kompaniya va OAV vakillari o'rtasida fikr almashildi. Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning majburiy va ixtiyoriy sug'urta turlari hamda Davlat dasturlari va Hukumatning iqtisodiy dasturi muhim ustuvor yo'nalishlari doirasida Kompaniya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida va boshqa savollariga javob berishdi.

Matbuot anjumani yakunida «O'zbekinvest» kompaniyasi aholi va tadbirkorlarning sug'urta madaniyati darajasini oshirish va kompaniya faoliyati ochiqligini ta'minlashda bunday matbuot anjumanlarining o'tkazilishi katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlandi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati