You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasida Harakatlar strategiyasi muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati

2017-yilning 14-fevral kuni «O'zbekinvest» kompaniyasida «O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi» muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov va «O'zbekinvest» kompaniyasi xodimlari ishtirok etishdi.

So'zga chiqqanlar tomonidan qayd etildiki, joriy yilning 7-fevralida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida»gi farmon mohiyati zamirida ham avvalo xalqimizning turmush farovonligini yaxshilash, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik muhiti hukm surishini ta'minlash, jamiyatda qonun ustuvorligi tamoyilini to'liq joriy etish maqsadi mujassamligi bilan ahamiyatlidir.

Ta'kidlash lozimki, ushbu hujjatlar loyihalari aholining keng qatlamlari, mutaxassis va ekspertlar, ommaviy axborot vositalari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirokida muhokamalardan o'tkazilib, ko'plab taklif va mulohazalar olingani uning yanada takomillashuvi hamda hayotiyligini oshirishga xizmat qildi.

Harakatlar strategiyasi yaqin va uzoq istiqbolda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy hayotini modernizasiyalash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, davlat va jamiyatning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasida mustaqilligimizning yigirma besh yillik taraqqiyot yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Strategiyaning o'ziga xos jihati shundaki, unda beshta ustuvor yo'nalish, ya'ni davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish nomi ostida mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotining barcha jabhalariga chuqur kirib borilgan.

Harakat strategiyasida belgilangan beshta asosiy ustuvor yo'nalishlarning har biri mamlakatdagi islohotlarni va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo'limlardan iborat. Strategiyani besh bosqichda amalga oshirish nazarda tutilayotgan bo'lib, bunda yillarga beriladigan nomlarga muvofiq har yili uni amalga oshirish bo'yicha Davlat dasturi tasdiqlanadi.

Umuman, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini belgilab beruvchi ushbu muhim hujjatda yoshi ulug'larni qo'llab-quvvatlashdan tortib, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil davom ettirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish, ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilashga doir bir qator aniq chora-tadbirlar belgilanganki, bularning barchasi odamlarning hayotdan rozi bo'lib yashashiga, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati