You are here

"O'zbekinvest" kompaniyasi 2016 yilda 12 ta yangi sug'urta mahsulotini ishlab chiqdi

“O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri mijozlar manfaatiga mos keladigan sifatli sug'urta xizmatlarini taqdim etishdan iborat. Mijozlar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, doimiy yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqilmoqda.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanitirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada sug'urta himoyasi alohida muhim ahamiyatga ega. Kompaniya tomonidan tadbirkorlar uchun o'tgan davr mobaynida bir qator sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan. Kompaniya bu boradagi faoliyatini yanada takomillashtirib, “Sog'lom ona va bola yili” davlat dasturi, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ijrosini ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2016 yilda 12 ta yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqdi.

Bular “Ona va bola sog'lig'i”, «Farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqotini o'tkazishda bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sug'urtalash», «Bojxona brokerlarining bojxona to'lovlarini ta'minlash bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash», “Lizinga berilgan transport vositalarini sug'urtalash”, “Lizinga berilgan qishloq xo'jaligi texnikalarini sug'urtalash”, “Bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash bo'yicha bojxona omborxonalari egalarining fuqarolik javobgarligini sug'urtalash”, “Avtotransport vositalariga o'rnatilgan gaz-ballon qurilmalarini sug'urtalash”, “Buxgalteriya xizmatlarini ko'rsatuvchi shaxslar kasbiy javobgarligini sug'urtalash”, “Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning tadbirkorlik qaltisliklarini sug'urtalash”, “Meva-sabzavot, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashishni sug'urtalash”, “Avtotashuvchilar kasbiy javobgarligini sug'urtalash”, “Muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug'urtalash”, sug'urta mahsulotlari hisoblanadi.

Ularning ayrimlariga to'xtaladigan bo'lsak, masalan, dori sanoatida «nojo'ya reaksiya»ning mavjudligi sabab ushbu sohaning turli qaltisliklarga duch kelishi tabiiy. Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, dunyoda dori vositalarining nojo'ya reaksiyalari oqibatida sodir bo'lgan o'lim o'lim holatlari orasida 4-o'rinni egallaydi. Bu esa soha vakillaridan dori vositalari ustida turli ilmiy tadqiqotlar olib borishni talab etadi.

Yangi tahrirda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq farmakologik yoki dori vositasining klinik tadqiqoti boshlanishidan oldin tadqiqotni o'tkazayotgan davolash-profilaktika muassasasi yoki tadqiq etilayotgan farmakologik vositani yoki dori vositasini taqdim etgan yuridik shaxs bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligiga doir sug'urta shartnomasini sug'urtalovchi bilan tuzishi shart.

Farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqoti o'tkazilayotganda davolash-profilaktika muassasasi va boshqa yuridik shaxslar (Sug'urtalanuvchi) tomonidan bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganligi uchun fuqarolik javobgarligini sug'urta qiluvchi «Farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqotini o'tkazishda bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sug'urtalash» shartnomasi yangi farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqoti o'tkazilayotgan ko'ngilli-bemor foydasiga tuziladi.

Ushbu shartnomaga muvofiq bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlganda bemorning o'ziga yoki uning vorisiga Kompaniya tomonidan to'lab beriladigan sug'urta badali doirasidagi summaga Sug'urtalanuvchining har bir bemor oldidagi javobgarligi sug'urta qilinadi.

Shuningdek, farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqoti o'tkazilgandan keyin bir yil davomida ko'ngilli-bemor hayoti, sog'lig'iga zarar yetsa, agar bu holat dori vositalarining salbiy ta'siri oqibatida yuz bergan taqdirda sug'urta qoplamasining to'lab berilish ko'zda tutilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori asosida tadbirkorlarga sug'urta himoyasini taqdim etish borasida ham yangi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan.

Masalan, meva-sabzavot, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish bilan shug'ullanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs o'z mahsulotlarini himoya qilishda “Meva-sabzavot, qishloq ho'jaligi mahsulotlarini tashishni sug'urtalash” sug'urta mahsulotidan foydalanishi mumkin. Ushbu sug'urta mahsuloti bo'yicha shartnoma tuzuvchilar tabiiy ofatlar, yuk tashish vositasining yo'l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida, yuklarni ortish va tushirish vaqtida yetkazilgan zararlarning qoplab berilish ko'zda tutilgan.

“Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning tadbirkorlik qaltisliklarini sug'urtalash” shartnomasida qishloq xo'jaligi sohasida va ushbu sohada faoliyat yurituvchi yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorning mulkiy manfaatlarini himoya qilish nazarda tutilgan. Bunda sug'urtalanuvchiga uning hamkori o'z majburiyatlarini bajarmasligi, ya'ni to'lovni amalga oshirmaslik, mahsulotlarni yetkazib bermaslik, sifatsiz mahsulotlarni yetkazish va shu kabilar natijasida yetkaziladigan zararlar qoplab beriladi.

Tadbirkorlar talab va ehtiyojlaridan kelib ishlab chiqilgan “Muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug'urtalash” sug'urta mahsuloti esa qishloq xo'jaligi mahsulotlari muzlatgich kameralarida saqlanish davrida ularga zarar yetishi oqibatida mulkdorlarga yetkazilgan zararning qoplab berilishini ko'zda tutadi.

Shuningdek, yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish bilan birga 2016 yilda Kompaniya tomonidan mijozlar talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda namunaviy sug'urta shartnomalarining 56 tasiga o'zgartirishlar (indossament) kiritildi va 204 ta shartnoma modernizatsiya qilindi.

 

“UzReport” axborot agentligi