You are here

"O'zbekinvest" Toshkent viloyati filiali yil oxirigacha sug'urta agentlari sonini 64 taga yetkazishni rejalashtirmoqda

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi respublikamizdagi sug'urta bozorining yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya o'z faoliyatida asosiy e'tiborni taqdim qilinayotgan xizmatlardan foydalanish imkonini kengaytirish va ularning ommalashuvini ta'minlashga qaratadi.

Tabiiyki, bunda kompaniya hududiy filiallari, xususan Toshkent viloyatidagi “O'zbekinvest” filialining o'rni katta ahamiyatga ega. Yaqinda tashkil etilganiga qaramay, ushbu bo'lim to'plangan sug'urta mukofotlari hajmi bo'yicha yetakchi o'rinlarga erishdi. Shu tariqa, joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga binoan, filial tomonidan to'plangan sug'urta mukofotlari ulushi barcha hududiy filiallarning umumy to'plangan sug'urta mukofotlaridan 11 foizni tashkil qildi.

Toshkent viloyatidagi “O'zbekinvest” filiali faoliyatini 1998 yilning aprel oyida boshlagan. Hozirda u Toshkent viloyati shaharlari va tumanlaridagi 9 ta bo'limni o'z ichiga oladi. Bugungi kunda filial tomonidan to'plangan sug'urta mukofotlarining 37 foizi uning tuman va shahar bo'linmalari ulushiga to'g'ri keladi.

“O'zbekinvest” EIMSK Toshkent viloyati filiali direktori o'rinbosari, bosh menejer Botir Usmonaliyev “UzReport AA” muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Shu o'rinda, Olmaliq va Chirchiq shaharlaridagi bo'limlarning muvaffaqiyatli faoliyatini qayd etish lozim. Shuningdek, bugungi kunda xukumat ko'magi ostida “Angren” maxsus industrial hududida yaratilayotgan yangi sanoat korxonalariga sug'urta xizmatlarini ko'rsatish maqsadida Angren shahridagi agentlik tarmoqlari ham kengaytirilmoqda. Xususan, “Angren” maxsus industrial hududi rahbariyati bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Tuman va shaharlardagi bo'linmalarda tuzilgan sug'urta shartnomalari hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, 2013 yilning birinchi yarmi yakunlari bo'yicha bo'linmalardagi xodimlar tomonidan 582 ta shartnoma tuzilgan bo'lsa, joriy yilning mos davrida 632 ta sug'urta shartnomasi tuzilgan. Bunda o'sish 109 foizni tashkil qildi.

Ta'kidlash kerakki, ko'rsatilayotgan xizmatlar qamrovini kengaytirish va ularning aholiga taqdim qilinishini yanada rivojlantirish maqsadida shu yilning ikkinchi choragida filial tomonidan Chinoz tumanida yangi bo'linma ochildi, 2014 yilning uchinchi choragida esa xuddi shunday bo'linmani Zangiota tumanida ham ishga tushirish ko'zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, taqdim qilinayotgan xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish uchun Toshkent viloyatidagi O'zbekinvest filiali tomonidan sug'urta agentlarini jalb qilish va agentlar tarmog'ini kengaytirish bo'yicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu tariqa, ayni damda filialda turli sug'urta ko'rinishlari bo'yicha 56 nafar sug'urta agenti faoliyat yuritib kelmoqda.

– Joriy yil oxiriga qadar sug'urta agentlari sonini 64 taga yetkazishni rejalashtirganmiz. Birinchi yarim yillik yakunlariga ko'ra, filial agentlari tomonidan to'plangan sug'urta mukofotlari 522 212 162,52 so'mni tashkil qilib, bu o'tgan yilning mos davridagi ko'rsatkichdan 29 515 289 so'mga ortiq. Sug'urta agentlari sonining oshishi sug'urta mukofotlarini jalb qilish uchun yanada kengroq imkoniyat yaratadi, - deya qo'shimcha qildi  Botir Usmonaliyev.

Jami bo'lib filialda shu yilning birinchi olti oyi mobaynida 1 392 554 ming so'm miqdorida sug'urta mukofotlari to'plangan bo'lib, bu o'tgan yilning mos davriga nisbatan 447 mln. so'mga ko'proq. O'sish esa 147 foizni tashkil qildi. xususan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarliklari majburiy sug'urtasi bo'yicha o'sish 109 foiz, ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasida – 176 foiz hamda umumiy sug'urta turlari bo'yicha – 164 foizdan iborat bo'ldi.

Aytish joizki, kompaniyaning asosiy ustuvorliklaridan biri bu – sug'urta holatlarining ko'rib chiqilishi va ular bo'yicha to'lovlarning o'z vaqtida amalga oshirilishidir. “O'zbekinvest” kompaniyasi sug'urta to'lovlari bo'yicha 31 ta sug'urta kompaniyasi ichida yetakchilik qilib kelmoqda. 2013 yil yakunlari bo'yicha, sug'urta to'lovlari 26 mlrd. so'mdan oshdi, to'lovlar koeffitsiyenti esa to'plangan sug'urta mukofotlari hajmining 60,7 foizini tashkil qildi.

Shu bilan birga, filialning mas'ul xodimlari tomonidan o'z navbatida sug'urta shikoyatlari ko'rib chiqiladi va ularga tegishli qoplamalar belgilangan muddatlarda to'lab beriladi. 2013 yilning birinchi yarim yilligida Filial tomonidan 106 ta sug'urta ishi ko'rilib, ular bo'yicha 364 557 963,9 so'm to'langan bo'lsa, shu yilning mos davrida 181 ta ish ko'rilib, ular bo'yicha 454 721 569,2 so'mga miqdorida sug'urta to'lovlari amalga oshirilgan.

Shu o'rinda qayd etish lozimki, filialing mijozlari qatoridan NESTLE UZBEKISTAN, «O'ztemiryo'lyo'lovchi» AJ, «WIRTGEN TASHKENT» QK, «Maxsusyuktrans» UK, Angren logistika markazi, Maksam-Chirchik, Suvsoz, «Maxsustrans» UK kabi korxona va tashkilotlar o'rin olgan.