You are here

"O'zbekinvest" kompaniyasi agentlik tarmoqlarini kengaytirmoqda

Bugungi kunda “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatidagi ustuvor yo'nalishladan biri aholini sug'urta xizmatlari bilan maksimal ko'lamda qamrab olish maqsadida kompaniya agentlik tarmog'ini kengaytirish hisoblanadi. Buning uchun Sug'urta markazi hamda kompaniyaning hududiy filiallarida sug'urta agentlarini jalb qilish, o'qitish va doimiy tarzda malakasini oshirib borish bo'yicha tizim yaratildi. 2014 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra, “O'zbekinvest” kompaniyasi sug'urta agentlarining soni 858 taga yetdi, ulardan 172 nafari yuridik, 686 nafari esa jismoniy shaxslardir. O'tgan yilning mos davriga nisbatan agentlar sonining o'sishi 20 foizni tashkil qildi.

 “2014 yilning 1-yarim yilligi davomida sug'urta agentlari tomonidan 23 345 ta sug'urta shartnomalari tuzilib, sug'urta mukofotlari hajmi butun kompaniya bo'yicha to'plangan mukofotlarning 27 foizini tashkil qildi.

“Joriy yilda kompaniya sug'urta agentlari sonini 277 taga yetkazishni ko'zlamoqda, bu esa o'tgan yilgi ko'rsatkichdan 32 foizga ortiq. Aynan shu maqsadlarda kompaniya turli OAVlariga sug'urta agentligi lavozimiga nomzodlar tanlanishi haqida e'lonlar bermoqda. Tanlovdan so'ng, nomzodlar o'qitiladi. Maxsus kurs tamomlangach, tegishli attestatsiya o'tkaziladi va uning yakunlari bo'yicha yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan agentlik shartnomalari tuziladi”, – deya ta'kidladi « O'zbekinvest » EIMSK Sug'urta markazi menejeri Sayfullo Mirzoyev.

Qayd etish joizki, agentlik tarmog'ining kengaytirilishi negizida jismoniy shaxslar, jumladan respublikamizning chekka hududlaridagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sifatli xizmatlar ko'rsatish bo'yicha qo'shimcha qulayliklar yaratiladi. Shu munosabat bilan, 2014 yilda kompaniya tomonidan jismoniy shaxslarga ko'rsatiluvchi xizmatlar hajmini 40 foiz, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga esa 50 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

Qo'shimcha o'rnida aytish kerakki, “O'zbekinvest” kompaniyasi mavjud marralarda to'xtab qolmay, O'zbekistonning barcha hududlaridagi aholini sug'urta xizmatlari bilan ta'minlash bo'yicha faol ishlar olib bormoqda.