You are here
"O'zbekinvest" kompaniyasi yangi sug'urta mahsulotlarini joriy qilish bo'yicha faoliyatini davom ettirmoqda
Ma'lumki, 2014 yil davlatimizda “Sog'lom bola yili” deb nomlandi. Shu o'rinda, “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi ham muvofiq davlat dasturida belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, joriy yilda kompaniya tomonidan bolalarga sug'urta himoyasini taqdim qiluvchi yangi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqildi.
“O'zbekinvest” kompaniyasi aholi talablarini hisobga olgan holda, yangi sug'urta mahsulotlarini joriy qilish bo'yicha faoliyatini davom ettirmoqda. Jumladan, “Sog'lom bola yili” davlat dasturini amalga oshirish maqsadida, kompaniya tomonidan “Ona va bola”, “Sog'lom bola” va “G'amho'r ota-ona” kabi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqildi.
“Ona va bola” sug'urta mahsuloti ona yoki bolaning kasalxonaga yotqizilishi holatini sug'urtalash uchun mo'ljallangan. Sug'urtaning ushbu ko'rinishi ona yoki bola 5 kundan ortiq muddatga kasalxonaga yotqizilgan taqdirda, sug'urta summasi chegarasidan chiqmagan xolda, sug'urta to'lovini olish imkonini beradi. Ushbu polis bo'yicha 50 yoshgacha bo'lgan onani hamda uning 14 yoshdan oshmagan farzandlarini sug'urta qilish mumkin. Agar statsionarda bo'lgan vaqtida sug'urta qilingan shaxsga jarrohlik amaliyoti o'tkazilgan bo'lsa, polis bo'yicha qo'shimcha tarzda sug'urta summasining 20 foizi to'lab beriladi”, – deydi «Uzbekinvest» EIMSK Sug'urta markazi menejeri Anastasiya Ayupova
Tabiiyki, har bir ota-ona uchun farzandining salomatligi juda muhimdir. Aynan shu ma'noda, kompaniya bolalarni turli kasalliklar, jumladan yuqumli kasalliklardan himoya qilishga qaratilgan “Sog'lom bola” xizmatini taqdim qiladi.
“Tibbiy sug'urta har bir kichik yoshdagi bemorga respublikaning eng yaxshi davolash maskanlarida yuqori malakali shifokorlar yordamini ta'minlab beradi. Unga ko'ra, sug'urtaning amal qilish muddati davomida sug'urta qilingan shaxs bilan yuz bergan o'tkir kasallik, surunkali kasallikning qaytalashi, jaroxatlar, zaxarlanish, shuningdek o'tkir poliomiyelit, difteriya, A va B virusli gepatitlari, qizamiq, qizilcha, skarlatina, suvchechak, tepki, salmonellyoz, dizenteriya, meningokokk infeksiyasi kabi yuqumli kasalliklar inobatga olinadi. Sug'urta qilish uchun bolalar 3 dan 14 yoshgacha bo'lishi kerak” – deya qo'shimcha qildi Anastasiya Ayupova
Qo'shimcha qilish joizki, sug'urta holati yuz bergan taqdirda, “O'zbekinvest” kompaniyasi tanlangan sug'urta summasi hamda tibbiy dastur chegarasida ko'rsatilgan xizmat uchun tibbiy muassalarning xisoblari bo'yicha to'lovlarni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Yuqumli kasallik vaziyatida kompaniya bir vaqtning o'zida sug'urta to'lovini taqdim qiladi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, kompaniyaning yana bir yangi mahsuloti “G'amho'r ota-ona” xizmatidir. Bugungi kunda sport bilan shug'ullanish yurtimizda tobora ommalashayotgani sababli, ushbu sug'urta maxsuloti juda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Afsuski, mashg'ulotlar vaqtida bola ma'lum jaroxatlar olishi mumkin. Bolalarni sport maydonchalarida mashg'ulotlar vaqtidagi baxtsiz hodisalardan sug'urtalash bo'yicha “G'amho'r ota-ona” polisi salomatlikni tiklash uchun sarflangan xarajatlar o'rnini qoplab beradi.
“O'zbekinvest” kompaniyasi erishgan marralarida to'xtab qolmaydi va fuqarolarimizning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, yangi sug'urta mahsulotlarini yaratib, mavjudlarini takomillashtirishda davom etadi.