You are here
Majburiy sug'urta bo'yicha 44 mingdan ziyod sug'urta polislari berildi
2008 yilning 24 aprelida mamlakatimizda «Transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugurta qilish» to'g'risidagi qonun qabul qilingan. Aynan o'sha yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ushbu sug'urtani amalga oshirish qoidalari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Ayni paytda, «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi (EIMSK) tomonidan transport egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasi bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Sugurta shartnomasiga asosan transport vositasidan foydalanishda uchinchi shaxslarning hayoti, sog'lig'i va mol-mulkiga zarar yetkazilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bulgan fuqarolik javobgarligi sug'urta qilinadi. Shu yilning dastlakbi 6 oyida «O'zbekinvest» sug'urta kompaniyasi tomonidan ushbu sug'urta turi buyicha 44 mingdan ziyod sug'urta polislari mijozlarga berilgan. Yig'ilgan sug'urta mukofotlari esa 1 mlrd. 700 mln. so'mni tashkil qiladi. Kompaniya tomonidan olingan majburiyatlar summasi 300 mlrd. so'mga teng.
- Ushbu sug'urta turi fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan bg'lib, unga ko'ra sug'urtalanuvchi o'z javobgarligini sug'urta qiladi, - deydi “O'zbekinvest” EIMSK Majburiy sug'urta turlari departamenti katta anderayteri Saidolimxon Nuriddinov. - Bu degani, transport hodisasi ro'y berganda sug'urtalangan shaxs aybdor bo'lib qolgan taqdirda, jabrlanuvchi oldidagi javobgarligini sug'urta qilib qo'yadi.
Biroq, ko'pchilik haligacha mashinamni sug'urta qildirdim va sug'urta hodisasi yuz berganda kompaniya sug'urta to'lovini menga to'lab beradi, deb o'ylaydi. Yo'q, qoplama jabrlanuvchiga to'lanadi. Sug'urta puli 3000 AQSh dollari ekvivalentida, sug'urta shartnomasini tuzish kunidagi Markaziy bankning so'mga nisbatan kursida hisoblanadi. Shundan, qoplamaning 35 foizigacha mol-mulkka ziyon yetganda, 65 foizi esa inson hayoti, sog'lig'iga zarar yetganda qoplab beriladi.
- Sug'urta hodisasi ro'y bergandan keyin DAN xodimi chaqiriladi va u kim aybdorligini aniqlab, xulosa chiqarib beradi, – deya qo'shimcha qildi Saidolimxon Nuriddinov. - Keyin jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar baholanadi. Shundan so'ng, sug'urta kompaniyasiga murojaat qilinadi. Agar bahsli bo'lsa, unda sud qarori kutiladi.
Shu o'rinda, sug'urta qoplamasi qacha muddatda to'lab beriladi, degan savol tug'iladi?
- Barcha hujjatlar taqdim etilgandan so'ng, ichki komissiya ularni ko'rib chiqadi va 10 kun ichida mablag' jabrlanuvchining hisob raqamiga o'tkazib beriladi, – deydi Saidolimxon Nuriddinov.
Ayni paytda, «O'zbekinvest» sug'urta kompaniyasi mijozlarga qulayliklar yaratish maqsadida, agentlar sonini ko'paytirishga katta e'tibor qaratmoqda. O'zbekiston fuqarosi bo'lmagan shaxslarga ham vaqtinchalik polislar beriladi. Sug'urta polisining amal qilish muddati - 1 yil. Transport vositasidan vaqtincha foydalanilganda eng kamida 15 kun va mavsumiy foydalanilganda kamida 6 oyga polis beriladi.