You are here

"O'zbekinvest" EIMSK sug'urta xizmatlari bo'yicha elektron to'lov usullarini joriy qilmoqda

Mamlakatimiz Prezidentining 2014 yil 3 aprelda qabul qilingan “Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini bajarish yuzasidan “O'zbekinvest” Eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan “Sug'urta xizmatlarini to'lash, jumladan sug'urta polislarini xarid qilish va sotishning elektron usullarini joriy qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad bir yoki bir nechta to'lov tizimlari orqali elektron to'lov yordamida to'lovlarni qabul qilish imkonini yaratish, sug'urta xizmatlarini olishga talabnomalarni qabul qilish va rasmiylashtirish bo'yicha biznes-jarayonlarni optimallashtirishdan iborat. Shuningdek,  kompaniyada elektron hujjatlar aylanmasi elementlarini joriy qilish, talabnomalarni qabul qilishning taqsimlangan tizimini yaratish, xizmatlarni masofadan turib rasmiylashtirish va qayta ishlov berish imkoniyati hisobiga xizmatlar maydonini kengaytirish kabi maqsadlar ham ko'zlangan.

“O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan loyihadan avvalgi tadqiqot o'tkazilib, konsepsiya, texnik vazifa va dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgan. Hozirda loyihada uni amalga oshirish uchun ishlab chiqaruvchi firma tanlash bosqichi kuzatilmoqda.

- “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan ushbu loyihaning amalga oshirilishi vazifalar majmuini o'zaro bog'liq yechimi hisobiga ta'minlanmoqda. Bularga Kompaniya saytida sug'urta xizmatlariga talabnomalarni rasmiylashtirish tizimini yaratish va joriy qilish; talabnomalar monitoringi va boshqaruvi tizimini yaratish; ishlab chiqilgan dasturiy ta'minot asosida ma'lumotlarni saqlash va ishlov berish tizimini yaratish; hisobotning elektron ko'rinishda shakllantirish tizimini yaratish va joriy qilish kabi vazifalar kiradi, - deydi “O'zbekinvest” EIMSK Sug'urtada axborot texnologiyalari departamenti bosh menejeri Sherzod Alimov. 

Uning aytishicha, loyiha bo'yicha ishlab chiqilgan tizim Kompaniya saytidagi shaxsiy kabinet orqali kerakli sug'urta turini tanlash, elektron to'lov turlaridan biri bo'yicha to'lovni amalga oshirish hamda polisni yetkazib berish, ya'ni agent orqali, uyga yetkazish yoki Kompaniya ofisi va bo'limlarida qulay vaqtda polisni olish usulini tanlash imkonini yaratadi.

- Ushbu tizimning qulayliklari sanab o'tiladigan bo'lsa, bunda sug'urta qilishga talabnomalar berish vaqti sutka davomidagi rejimga kengayitiriladi, Kompaniya ofislarida o'tkaziladigan vaqt qisqaradi va bu bilan mijozlarning vaqtini tejaladi, - deya qo'shimcha qildi Sherzod Alimov.

Qayd etish joizki, Kompaniya sayti orqali Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish, Baxtsiz xodisalardan sug'urta qilish, Ixtiyoriy tibbiy sug'urta, Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish, Ixtiyoriy mulk sug'urtasi kabi  sug'urta turlarini xarid qilish va elektron to'lov tizimlari yordamida to'lash mumkin.

Shu bilan birga, elektron to'lovlarni qabul qilish uchun UzCard, Click, SMS-tolov, Mbank, Websum va boshqa to'lov tizimlariga ulanish rejalashtirilmoqda.