You are here

Ish beruvchining majburiy sug'urtasi ijtimoiy sug'urta turi hisoblanadi

Respublikamizda iqtisodiy jarayonlar va  sanoat sektorlarining rivojlanishi, yangi korxonalarning ochilishi  ish beruvchining  fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish ehtiyojini keltirib chiqardi va 2009 yilda mamlakatimizda  aynan  shu sohadagi munosabatlarni tartibga solishga  qaratilgan  qonun qabul qilindi. “O'zbekinvest”  Eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi  (EIMSK) mazkur sug'urta turini amalga oshirib kelayotgan sug'urta kompaniyalaridan biri sanaladi.  Kompaniyaning umumiy sug'urta portfelida majburiy sug'urta turlari hozirda  40-45 foizni  tashkil etmoqda. Sug'urtachi  bilan ish buruvchilar o'rtasida imzolanayotgan shartnomalar soni esa  yildan-yilga  o'sish tendensiyasiga ega bo'lmoqda.

Baxtsiz hodisa faqat ishlab chiqarish, ya'ni dastgoh oldida emas, istagan joyda yuz berishi mumkin.  Masalan, xodim   ko'chaga ish yuzasidan chiqdi yoki  mehnat safariga   otlandi. Bunda u yo'l transport xodisidan kafolatlanmagan. Qonun qabul qilinmasdan avval, agar ish jarayonida  biror bir hodisa yuz beradigan bo'lsa, ish beruvchi o'z xodimiga hamyonidan ma'lum  kompensatsiya to'lab berardi yoki bo'lmasa umuman to'lamas edi.  Qonun  kuchga kirgandan keyin esa,  to'lovni amalga oshirish majburiy bo'ldi. Faqat baxtsiz hodisa  sodir bo'lib, xodim ishlash layoqatini yo'qotsa,  unga yoki uning boquvchilariga  to'lovni korxona rahbari emas, balki   o'rtadagi shartnomaga ko'ra sug'urta kompaniyasi amalga oshiradi. Shartnoma bir yilga tuziladi va  majburiyatning minimal summasi  xodimning   bir yillik  ish haqi  miqdoriga teng.

- Statistik ma'lumotlarga ko'ra, sug'urta hodisasi ko'proq  ishlab chiqarishda, dastgoh oldida turgan xodim bilan yuz beradi, deydi – “O'zbekinvest” EIMSK Majburiy sug'urta departamenti menejeri Ozoda Abdurahimova. - Hozirda aynan xatarlar darajasini anglagan va o'z majburiyatlarini bajargan holda,  ish beruvchilar  tashabbusni o'z qo'llariga olib, sug'urta kompaniyasiga shartnoma tuzish uchun o'zlari  kelishyapti.   Bu mexanizm tez rivojlanyapti deb ayta olmayman,  lekin u  yaxshi ishlayapti va bosqichma-bosqich rivojlanmoqda.  Biz har haftada  shartnomalarni   monitoring  qilamiz va  har bir  mijozimizni ushlab qolishga  harakat qilamiz. 

Bunday siyosat, pirovardida   “O'zbekinvest” kompaniyasi sug'urta portfelida  shartnomalar soni  o'sib borayotganligida ham yaqqol namoyon bo'lmoqda.  Agar, 2013 yilda  mijozlar bilan 4000 ga yaqin kelishuv tuzilgan bo'lsa, shu yilning birinchi yarmida  ularning soni 2000 dan ortdi.  Bu o'z navbatida sug'urta mukofotlari  hajmining o'sishida ham kuzatilmoqda. Masalan, 2011 yilda  2  mlrd. 600  mln.  so'm sug'urta mukofoti  yig'ilgan bo'lsa,  shuncha  miqdordagi   mukofotlar  2014 yilning  dastlabki 6 oyida jamg'arildi.  

- Sug'urta qoplamasi qachon to'lanadi?  Buning uchun  sug'urta hodisasi ish vaqtida yuz bergan bo'lishi kerak, - deya ta'kidladi Ozoda Abdurahimova. - Qoplama  xodimning  ish qobiliyatini  yo'qotgan taqdirda to'lab beriladi.  Qoplamani amalga oshirish uchun   sug'urtachiga tibbiy ekspertiza ma'lumotnomasi taqdim etiladi. Unda esa  mehnat qobiliyatining yo'qotilish  darajasi ko'rsatiladi.  Umuman, bu sug'urta turining rivojlanishi eng avvalo ijtimoiy ahamiyatga ega.  Bu xodimga  katta yordam bo'lib,  uning ertangi  kunga ishonchini  oshiradi.

Ma'lumotlarga ko'ra, “O'zbekinvest” EIMSK   tomonidan mijozlarga  to'lab berilgan qoplamalar miqdori ham  yil sayin oshib bormoqda.  Misol uchun,   2011 yilda to'lovlar miqdori   820  mln. so'mni tashkil etgan bo'lsa,  2013 yilda bu  ko'rsatkich 1 mlrd. 600 mln. so'mga yaqin bo'ldi. Shu yilning birinchi yarimida esa qariyb  1 mlrd. 200 mln. so'm qiymatidagi  to'lovlar amalga oshirildi.  Kompaniyaning yirik  mijozlari orasida asosan qurilish kompaniyalari, sanoat korxonalari, temir yo'l tizimidagi tashkilotlar bor. Yaqinda  “O'zbekinvest” EIMSK   “O'zbekiston havo yo'llari” MAK o'tkazgan tenderda  yutib chiqdi va  tomonlar o'rtasida ish beruvchining  fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha   shartnoma imzolandi.