You are here

"O'zbekinvest" EIMSK tomonidan respublika bo'ylab 25 ta yangi sug'urta bo'limi ochiladi

Bugungi kunda “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi respublika sug'urta bozoridagi yetakchi, ko'p tarmoqli sug'urta tashkiloti hisoblanadi. “O'zbekinvest” o'z faoliyatida ko'rsatilayotgan xizmatlarning, xususan qishloq hududida keng tarqalganligiga alohida ahamiyat qaratadi. Hozirda kompaniya tomonidan xalqaro amaliyotda qo'llaniluvchi 100 dan ortiq turdagi an'anaviy sug'urta xizmatlari taqdim qilinadi.

2013 yil yakuniga ko'ra, “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan 100 ta sug'urta bo'limi ochilgan bo'lib, ularning 89 tasi chekka hududlarda joylashgan. Biroq, kompaniya yanada yuqoriroq marralarni ko'zlagan. 2014 yilda respublika bo'ylab, xususan chekka hududlarda 25 ta yangi sug'urta bo'limi va 25 ta savdo shoxobchalarining ochilishi rejalashtirilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK sug'urta markazi menejeri Sayfullo Mirzoyev “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Ushbu sug'urta bo'limlari va savdo shoxobchalarini ochishdan asosiy maqsad mijozlarga qulayliklar yaratish va sifatli xizmat ko'rsatishdan iborat. Shu o'rinda, qo'shimcha qilish joizki, 2014 yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko'ra, barcha viloyatlarda 15 ta sug'urta bo'limlari ochildi va hozirda ularda turli sug'urta xizmatlari taqdim etilmoqda. Masalan, yaqinda Qoraqalpog'iston Respublikasining Kegilis tumanida yangi sug'urta bo'limi ochildi va unda O'zbekinvest filialidan uzoq masofada joylashgan hudud aholisi uchun zaruriy sug'urta xizmatlarini olish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, kompaniyada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining sug'urta himoyasiga ham alohida e'tibor beriladi. Kichik biznesni sug'urta qilish sohasida katta tajribaga ega bo'lgan O'zbekinvest, tadbirkorlarning ishonchli muhofazasini ta'minlaydi.

O'zbekinvest kompaniyasi o'z xizmatlari ko'lamini butun respublika hududiga kengaytirshni maqsad qilgan. Buning uchun kompaniya tomonidan qo'shimcha sug'urta bo'limlari va savdo shoxobchalarining ochilishi, shuningdek mamlakat aholisiga yangi sug'urta xizmatlarini taqdim qilish bo'yicha reja ishlab chiqilgan.