You are here
Milliy aviakompaniya havo laynerlari "O'zbekinvest" kompaniyasi tomonidan sug'urtalandi
«O'zbekiston havo yo'llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan havo laynerlari va aviakompaniya majburiyatini sug'urtalash bo'yicha o'tkazilgan ochiq tender g'olibi nomi e'lon qilindi. Unga ko'ra, ushbu tenderda “O'zbekinvest” EIMSK kompaniyasi g'olib bo'lib, milliy aviakompaniyaga sug'urta xizmatlarini ko'rsatadigan bo'ldi.
Tender o'z ichiga 32 ta havo layneri sug'urtasi va kompaniya majburiyatini oladi. Unga muvofiq, “O'zbekinvest” EIMSK va “O'zbekiston havo yo'llari” milliy aviakompaniyasi o'rtasida aviatsiya sug'urtasi bo'yicha kelishuv imzolandi hamda sug'urta kompaniyasi tomonidan kerakli sug'urta polislari va ushbu xizmatni amalga oshirishning tarkibiy qismi bo'lgan sug'urta sertifikati berildi.
- Bizning kompaniya “O'zbekiston havo yo'llari” talablariga muvofiq, nisbatan qulay xizmat taklif qilganligi uchun milliy aviakompaniya tenderida yutib chiqdi, - deydi “O'zbekinvest” EIMSK ning Tavakkallarni boshqarish va qayta sug'urta departamenti katta anderrayteri Anvar Umarov. - Bu boradagi qarorning qabul qilinishida nafaqat eng qulay stavkalarning taklif etilganligi, balki “O'zbekinvest” ning tajribasi ham muhim rol o'ynadi. “O'zbekinvest” 20 yil davomida O'zbekiston sug'urta bozorida ishonchli hamkor ekanligini namoyon qildi. Yana shuni qo'shimcha qilish mumkinki, bizning kompaniya “O'zbekiston havo yo'llari”ga birinchi marta sug'urta qoplamasini taklif etayotgani yo'q. “O'zbekinvest” milliy aviakompaniyaga 2002, 2003 va 2004 yillarda ham huddi shunday sug'urta xizmatini ko'rsatgan.
Ta'kidlash kerakki, aviakompaniya parki ikkiga bo'lingan. Bular G'arbiy flot va Sharqiy flot. G'arbiy flot Boing va Airbus laynerlarini o'z ichiga oladi va ular alohida sug'urtalanadi.
- Aviatsiya xatarlari bo'yicha ikki kompaniya o'rtasida imzolangan shartnoma 1 yilga mo'ljallangan, - deya ta'kidladi Anvar Umarov. - Unga ko'ra, 15 iyuldan boshlab G'arbiy flot va 12 iyuldan Sharqiy flot sug'urtasi shartnomasi kuchga kirdi.
Albatta, sug'urta majburiyati juda katta. Shu bois, “O'zbekinvest” kompaniyasi o'z zimmasiga olgan xatarni qayta sug'urtalashi talab etiladi. Bu qayta sug'urta brokeri orqali amalga oshirildi va tavakkalning ma'lum bir qismini London bozoridagi anderrayterlar o'z zimmasiga oldi.
“O'zbekinvest” EIMSK ning asosiy e'tibori “O'zbekiston havo yo'llari” milliy aviakompaniyasi bilan erishilgan kelishuvni samarali amalga oshirish hamda kelgusida ham havo laynerlari sug'urtasi bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan.