You are here

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonun ijrosiga bag'ishlangan sayyor yig'ilish

2016 yilning 21 oktyabr kuni “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi yuzasidan Kompaniya tizimida olib borilyotgan ishlarga bag'ishlangan tadbir tashkil etildi.

Unda Kompaniya rahbariyati, maxsuslashtirilgan sho''ba korxonalari, Toshkent shahridagi filiallar mutaxassislari, mijozlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Bugun har bir tashkilot va korxona o'z faoliyatini rivojlantirish hamda ma'lum yutuqlarni qo'lga kiritishdan manfaatdor. Bunda esa ular xizmat ko'rsatayotgan sub'ektlarning fikr-mulohazasi, taklif va tanqidlari o'ta muhimdir. Turli maqomdagi mijozlarning murojaat qilish huquqlarini kafolatlab kelayotgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni (2014 yilning 3 dekabrida qabul qilingan) mana shunday ikkitomonlama munosabatlarning oshkora, xolis va samarali o'tishini ta'minlamoqda.

Hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish bilan bog'liq bo'lgan ijtimoiy munosabatlar tartibga solingani, “elektron murojaat” asoslari huquqiy mustahkamlangani o'z navbatida, tizimning sug'urta kompaniyalarida ham namunali ijro etilishiga omil bo'lmoqda.

Ushbu huquqiy hujjat ijrosini ta'minlash bo'yicha “O'zbekinvest” kompaniyasida ham tizim shakllantirilgan bo'lib, xususan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonun ijrosi yuzasidan kompaniya Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 31 martdagi 73-sonli qaroriga asosan o'zining ichki tartibini ishlab chiqqan bo'lib, bunda murojaatlarni qabul qilish, ro'yxatga olish va ko'rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko'rib chiqilishini nazorat qilishda muassasa kotibiyatini mas'ul tarkibiy bo'linma sifatida belgilagan. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojatlarini ko'rib chiquvchi Ishchi guruhining tuzilgani murojaatlarga o'z vaqtida qoniqarli javob berilishini ta'minlamoqda.

Agar raqamlarga e'tibor qaratilsa, Kompaniya tizimi bo'yicha 2016 yilning 9 oyida jami 75 ta murojaat kelib tushgan, 2015 yilning shu davriga nisbatan 5 taga ko'paygan. Ushbu murojaatlardan 63 tasi Bosh kompaniyaga, 12 tasi kompaniyaning hududiy filiallari va sho''ba korxonalariga kelib tushgan.

Murojaatlarning barchasiga yozma va elektron pochta orqali belgilangan muddatlarda tegishli javob xatlari yuborilgan, murojaatlar bo'yicha nazorat olib borilgan, ularga belgilangan muddatlarda javob xatlari yuborilgan.

Bundan tashqari, qonun talablariga ko'ra, kompaniyada aholi va yuridik shaxslarning vakillari Bosh direktor tomonidan qabul qilinishi bo'yicha jadval ishlab chiqilgan. Bu boradagi axborot hamda qabul qilish tartibi tashkilotning rasmiy veb-sayti va ma'muriy binoning hamma kirishi mumkin bo'lgan joylardagi stendlarda joylashtirilgan.

Ushbu yo'nalishdagi ishlarni yanada samarali tashkil etish, Kompaniya tizimida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko'rib chiqishning natijadorligini oshirish maqsadida tasdiqlangan rejaga muvofiq joylarda murojaatlarni ko'rib chiqish bo'yicha sayyor yig'ilishlar o'tkazilmoqda.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati