You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan «Aholining sug'urta madaniyatini oshirishda jurnalistlarning o'rni» mavzusida seminar tashkil etildi

Jurnalislarning sug'urta sohasiga oid bilimlarini oshirish orqali OAV yordamida aholining sug'urta madaniyatini oshirishga ko'maklashish maqsadida 2016 yilning 28 sentyabrь kuni «O'zbekinvest» kompaniyasida «Aholining sug'urta madaniyatini oshirishda jurnalistlarning o'rni» mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda OAV (gazeta, radio, televidenie va Internet nashrlari) vakillari, «O'zbekinvest» EIMSK mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilyotgan islohotlar natijasida sug'urta moliya bozorining muhim qismiga aylanib, sug'urta biznesini yuritishda xalqaro amaliyotga javob beruvchi sug'urta xizmatlarining keng ko'lamini taqdim etayotgan sug'urta tizimi asoslari shakllanishi ta'minlanmoqda.

Olib borilayotgan sohaga oid islohotlar natijasida bugungi kunda O'zbekistonda sug'urta xizmatlarining keng spektri, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, fuqarolar sog'lig'i, ularning mol-mulki sug'urtasi, ish beruvchi, transport vositalari egalari, tashuvchilarning fuqarolik javobgarligi sug'urtasi bo'yicha xizmatlar taqdim etuvchi sug'urtalovchilarning keng tarmog'i faoliyat yuritmoqda.

Sug'urta bozor iqtisodiyoti sharoitida aholi va tadbirkorlar, yirik korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya etuvchi eng samarali vosita hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy o'zgartirish va diversifikasiya qilishni chuqurlashtirish, bandlikni ta'minlash, odamlarimizning daromadi hamda hayot sifatini oshirishning muhim omillaridan biri tariqasida xizmat ko'rsatish va servis sohasining yetakchi tarmoqlaridan bo'lgan sug'urta tizimini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Natijada bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan sug'urta kompaniyalari soni 27 taga yetdi, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko'rsatilayotgan xizmatlar turi esa 100 dan ortdi.

Sug'urta sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, uning insonlar hayoti, sog'lig'i va mol-mulkini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi o'rni va ahamiyati to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor qilish hamda aholining sug'urta madaniyatini oshirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan amaliy seminarda sug'urtaning asoslari, uning afzalliklari, sug'urta shartnomasi tuzilishidan to sug'urta qoplamasi to'lovigacha bo'lgan sug'urta mexanizmi kabi masalalar haqida mutaxassislar tomonidan atroflicha ma'lumot berildi.

Xususan, «O'zbekinvest» kompaniyasi mijozlarga yanada qulaylik yaratish, aholining sug'urta madaniyatini oshirish bo'yicha ishlarni doimiy takomillashtirib kelmoqda. Masalan, joriy yilning iyulь oyida Kompaniya veb-saytida (www.uzbekinvest.uz) aholining sug'urta madaniyatini oshirish maqsadida yaratilgan imkoniyat asosida Internet foydalanuvchilari onlayn tartibida savollarga javob berish orqali sug'urta asoslarini o'rganishi va sohaga oid bilimlarini tekshirib ko'rishi mumkin. Kompaniya saytida joylashtirilgan ushbu yangi modulda (training.uzbekinvest.uz) sug'urta masalalari, xususan sug'urtaning majburiy va ixtiyoriy turlari, sug'urta da'volarini ko'rib chiqish tartibi hamda «O'zbekinvest» kompaniyasining faoliyati bilan bog'liq boshqa ma'lumotlar ham mavjud.

Bundan tashqari Internet orqali xizmat ko'rsatish bo'yicha bir qancha imkoniyatlar joriy etilgan. Masalan, bugungi kunda «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Tibbiy sug'urta», «Mol-mulk sug'urtasi» kabi eng ommabop 10 turdagi sug'urta mahsulotlarini Internet orqali sotib olish mumkin.

Shuningdek, Kompaniyaning markaziy apparati va hududiy filiallarida Axborot-maslahat guruhlarining faoliyati yo'lga qo'yilgan. Mijozlar sug'urta masalalari, jumladan mavjud sug'urta turlari, sug'urta shartnomasi shartlari, sug'urta da'volarini ko'rib chiqish, sug'urta tovonini to'lash tartiblari va boshqa masalalar to'g'risidagi batafsil ma'lumotlarni olish uchun elektron pochta (maslahat@uzbekinvest.uz) yordamida mutaxassislar maslahatlaridan foydalanishlari mumkin.

Ta'kidlash joizki, Kompaniya “Moody’s Investors Service Ltd.” xalqaro reyting agentligining O'zbekiston moliya bozoridagi eng yuqori xalqaro reytingiga ega. Reyting agentligi «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining xalqaro moliyaviy barqarorlik reytingini «barqaror» prognozi bilan Ba3 ga baholagan.

Kompaniyaning moliyaviy ishonchliligi sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urta qoplamalarini o'z vaqtida to'lash kafolati va o'z mijozlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlashni samarali amalga oshirish imkonini bermoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sug'urta da'volarini ko'rib chiqish va tartibga solish muddatlari qisqarib, hozirgi paytda besh kungacha bo'lgan vaqtni tashkil etmoqda. Shu o'rinda qonun hujjatlarida o'n besh kunda sug'urta da'volarini ko'rib chiqish ko'zda tutilgan.

Seminar yakunida aholining sug'urta madaniyatini oshirishda “O'zbekinvest” kompaniyasi va ommaviy axborot vositalari o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi va jurnalistlarni qiziqtirgan boshqa savollarga Kompaniya mutaxassislari javob berishdi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati