You are here

Sug'urta sohasining rivojlanishiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi

2016 yilning 12 avgust kuni O'zbekiston milliy matbuot markazida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan Mustaqillik yillarida mamlakatimizda sug'urta sohasining rivojlanishi va erishilgan natijalarga haqida aholining keng qatlamini xabardor qilish hamda aholining sug'urta madaniyatini oshirish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «O'zbekinvest» kompaniyasi tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, sohada faoliyat ko'rsatayotgan ilmiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, Mustaqillik yillarida respublika sug'urta bozorining rivojlanishi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun qo'shimcha asoslar yaratdi. Olib borilayotgan sohaga oid islohotlar natijasida bugungi kunda O'zbekistonda sug'urta xizmatlarining keng spektri, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, fuqarolar sog'lig'i, ularning mol-mulki sug'urtasi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligi, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi sug'urtasi bo'yicha xizmatlar taqdim etuvchi sug'urtalovchilarning keng tarmog'i faoliyat yuritmoqda.

O'tgan davr mobaynida sug'urta tashkilotlarining soni, ular tomonidan ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshgan.

Davlat tomonidan sug'urta sohasini rivojlantirish bo'yicha ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida sug'urta kompaniyalari o'z faoliyatlarini bozor talablariga mos ravishda tashkil etishga harakat qilmoqdalar. Sug'urta korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya etuvchi samarali vosita sifatida bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda O'zbekiston sug'urta bozorida 29 ta sug'urta tashkilotlari faoliyat yuritayotgan bo'lib, ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga 110 dan ortiq zamonaviy turdagi sug'urta xizmatlari ko'rsatilayotir. Sug'urta tashkilotlari kapitallashuv darajasining oshirilishi natijasida ularning moliyaviy barqarorligi ta'minlanmoqda.

Sug'urta sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar pirovardida sug'urta bozorining yetakchi kompaniyalaridan biri – «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi o'tgan davr mobaynida nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoda o'z mavqeini mustahkamlab kelmoqda. 1994 yilda tashkil etilgan, O'zbekiston sug'urta bozorida eng yuqori Ustav jamg'armasiga ega (60 mln. AQSh dollari ekvivalentida) «O'zbekinvest» kompaniyasining o'tgan davrdagi xalqaro sug'urta bozoridagi faol ishtiroki, hududiy tarmoqlarni tashkil etish, xizmatlar sifatini oshirish, anderrayting siyosatini puxta olib borish va kadrlar tayyorlashga katta e'tibor berilishi borasidagi sa'y-harakatlari natijasida xalqaro va milliy sug'urta bozorida o'zining munosib o'rnini egallab kelmoqda.

Amaliy natijalarga e'tibor qaratilsa, 2005 va 2015 yillar davomida Kompaniya tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 12,1 martaga, qabul qilingan sug'urta majburiyatlari hajmi 19,3 martaga, to'lab berilgan sug'urta qoplamalari esa 7,1 martaga o'sgan.

Ta'kidlash joizki, Kompaniya yaqinda “Moody’s Investors Service Ltd.” xalqaro reyting agentligining O'zbekiston moliya bozoridagi eng yuqori xalqaro reytingiga ega bo'ldi. Reyting agentligi «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining xalqaro moliyaviy barqarorlik reytingini «barqaror» prognozi bilan B1 dan Ba3 ga ko'tardi.

Kompaniyaning moliyaviy ishonchliligi sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urta qoplamalarini o'z vaqtida to'lash kafolati va o'z mijozlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlashni samarali amalga oshirish imkonini bermoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sug'urta da'volarini ko'rib chiqish va tartibga solish muddatlari qisqarib, hozirgi paytda bir kundan to'rt kungacha bo'lgan vaqtni tashkil etmoqda. Shu o'rinda qonun hujjatlarida o'n besh kunda sug'urta da'volarini ko'rib chiqish ko'zda tutilgan.

Shuningdek, Kompaniyada 2004 yildan buyon sifat menejmenti tizimi joriy etilgan. Kompaniya joriy yilda ISO 9001:2015 standarti yangi versiyasiga muvofiq sifat menejmenti tizimi bo'yicha Shveysariyaning SGS kompaniyasi tomonidan audit tekshiruvidan muvaffaqiyatli o'tkazildi hamda «Uzstandart» agentligi va SGS kompaniyasining ushbu yo'nalishdagi muvofiqlik sertifikatiga ega bo'lgan mamlakatimizdagi birinchi tashkilotga aylandi.

Kompaniyada xodimlarni tayyorlash va rag'batlantirish bo'yicha an'ana shakllantirilgan. Xususan, o'tgan davr mobaynida 2000 nafarga yaqin xodimlar turli o'quv va boshqa amaliy kurslarda ishtirok etishgan, ulardan 260 nafari xorijiy davlatlarda o'z malkasini oshirgan. Shu bilan birga har yili 100 dan ortiq kollej o'quvchilari va OO'Yu talabalari Kompaniyada malaka oshirishadi.

«O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta bo'linmalarini ochish va respublika hududlarida faoliyat geografiyasini kengaytirish borasida doimiy ish olib bormoqda. Ayni paytda Kompaniya 14 ta hududiy filiallar va 145 ta bo'linmalari orqali butun respublika bo'ylab o'z xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Shuningdek, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Tibbiy sug'urta», «Mol-mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotini internet orqali sotib olish imkoniyati yaratilgan.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanitirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada sug'urta himoyasi alohida muhim ahamiyatga ega. O'tgan davr mobaynida ushbu sohani turli qaltisliklardan himoya qilishga qaratilgan kompleks sug'urta himoyasini taqdim etish bo'yicha o'ziga xos tajriba to'plangan. Masalan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga 2010 va 2015 yillarda taqdim etilgan sug'urta himoyasi hajmi 3 barobarga, yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi esa 4,3 barobarga oshgan.

Kompaniya tomonidan respublikaning Investisiya dasturlariga kiritiladigan loyihalarga har yili sug'urta himoyasi taqdim etilib kelinadi. 2005 va 2015 yillarda davomida ushbu loyihalar soni 3 barobarga, eksport shartnomalarini sug'urtalash bo'yicha qabul qilingan majburiyatlar hajmi 20,8 barobariga o'sgan.

Barcha ma'ruzalardan so'ng kompaniya va OAV vakillari o'rtasida fikr almashildi. Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning majburiy va ixtiyoriy sug'urta turlari hamda Davlat dasturlari va Hukumatning iqtisodiy dasturi muhim ustuvor yo'nalishlari doirasida Kompaniya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida va boshqa savollariga javob berishdi.

Matbuot anjumani yakunida «O'zbekinvest» kompaniyasi aholi va tadbirkorlarning sug'urta madaniyati darajasini oshirish va kompaniya faoliyati ochiqligini ta'minlashda bunday matbuot anjumanlarining o'tkazilishi katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlandi.

 

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati