You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasining yarim yillik faoliyati tahlil etildi

Joriy yilning 27 iyul kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi Ijroiya qo'mitasining Kompaniyaning 2016 yil I yarim yilligidagi faoliyati yakunlariga bag'ishlangan majlisi bo'lib o'tdi.

Unda Kompaniya Ijroiya qo'mitasi a'zolari, hududiy filiallar va sho''ba korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, hisobot davrida ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari sifatini oshirish, hududiy filiallar va bo'limlar ishini faollashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, mahalliy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mijozlar talab va ehtiyojlarini puxta o'rganishga qaratilgan sa'y-harakatlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, 2016 yil iqtisodiy dasturining muhim ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Kompaniyada tizimli ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida respublikaning 2016 yildagi Investisiya dasturiga kiritilgan 46 ta loyihaga umumiy qiymati 15 trln. so'm sug'urta himoyasi taqdim etildi.

Joriy yilning 1-yarim yilligida Kompaniya tomonidan jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari 36,5 mlrd. so'mni (o'sish ko'rsatkichi 140 foiz), olingan sug'urta majburiyatlari 24,1 trln. so'mni (o'sish ko'rsatkichi 139,5 foiz) tashkil etib, 7,1 mlrd. so'm (o'sish ko'rsatkichi 122,8 foiz) sug'urta qompalamlari to'lab berilgan. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar bilan jami 87 mingdan ortiq sug'urta shartnomlari imzolanib, o'sish ko'rsatkichi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 136,4 foizni tashkil etmoqda.

«O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta bo'linmalarini ochish va respublika hududlarida faoliyat geografiyasini kengaytirish borasida doimiy ish olib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmi davomida 9 ta yangi sug'urta bo'limlari ochildi, shunday qilib, ayni paytda Kompaniya 14 ta hududiy filiallar va 145 ta bo'linmalari orqali butun respublika bo'ylab o'z xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Shuningdek, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Tibbiy sug'urta», «Mol-mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotini internet orqali sotib olish imkoniyati yaratilgan.

Ijroiya qo'mita yig'ilishida ta'kidlandiki, mavjud talab va ehtiyojlar o'rganilib, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ijrosini tezkor ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish borasida doimiy ish olib bormoqda.

Xususan, hisobot davrida 7 ta ya'ni, «Ona va bola sog'lig'i, «Farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqotini o'tkazishda bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sug'urtalash», «Bojxona brokerlarining bojxona to'lovlarini ta'minlash bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash», «Bojxona omborlari egalarining bojxona to'lovlarini ta'minlash bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash”, “Lizinga berilgan transport vositalarini sug'urtalash», «Lizinga berilgan qishloq xo'jaligi texnikalarini sug'urtalash», «Transpor vostalariga o'rnatilgan gaz ballon uskunalarini sug'urtalash» sug'urta mahsulotlari ishlab chiqildi.

Yig'ilish yakunida hisobot davrida Kompaniya faoliyatini rivojlantirish, hududiy filiallar ishi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar olib borish bo'yicha takliflar berildi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati